Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hech kim chetda qolmaydi” — Gender strategiya ishlab chiqilmoqda
11:32 / 2025-11-21

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida ekologiya sohasida gender tenglikni kuchaytirishga qaratilgan ilk Gender strategiyasini ishlab chiqish jarayonini rasman boshladi.

Mazkur strategiya atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohalariga gender tenglik tamoyillarini tizimli integratsiya qilishga qaratilgan.

Ushbu muhim qadam mamlakatning milliy va xalqaro majburiyatlari, jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5- (gender tenglikka erishish) va 13- (iqlim bo‘yicha favqulodda choralar) maqsadlariga hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda allaqachon muhim tajribalar mavjud: yaqinda Qishloq xo‘jaligi vazirligi FAOning texnik ko‘magida o‘z Gender strategiyasini qabul qildi, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligida gender strategiyasi ishlab chiqilib, qishloq ayollarining faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu yuqorida qayd etilgan milliy tajribalar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilayotgan strategiya uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Jumladan, poytaxtimizdagi “Green University”da gender strategiyasi ishlab chiqish bo‘yicha birinchi ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda qo‘mita rahbariyati, boshqarmalar, FAOning mahalliy va mintaqaviy ekspertlari ishtirok etdi.

Muloqotda strategiyaning qamrovi, ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinib, aniq takliflar tinglandi. Yangi Gender strategiyasi loyihasi yaqin besh yillik uchun aniq maqsad va vazifalar, ko‘rsatkichlarni o‘zida qamrab oladi.

Ushbu hujjat amalga tatbiq etilganidan so‘ng, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyat hamda sharoitlarni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda teng ishtirok etish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarishda gender tenglik tamoyillarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Bu esa ekologik boshqaruv samaradorligini oshirib, iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA