Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech bir soha e’tibordan chetda qolmayapti
20:35 / 2022-11-23

Bugun mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari hududlarda qay yo‘sinda o‘z ifodasini topmoqda? Ommaviy axborot vositalarining bir guruh vakillari bu savolga Toshkent shahrining Yunusobod tumani misolida javob topish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tuman hokimligida “Yunusobod tumanining ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va istiqboldagi vazifalar tahlili” mavzusidagi matbuot anjumanida bu haqda media soha vakillariga batafsil ma’lumot berildi.    

Qayd etilganidek, barcha joylarda bo‘lgani kabi mazkur tumanda ham iqtisodiyotni mustahkamlash, aholini kuchli ijtimoiy himoyalash  yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. 363 ming aholiga ega bo‘lgan ushbu tumanda aholi uchun munosib turmush, mehnat sharoitlarini yaratish, ehtiyojmand qatlamlarning manfaatlarini himoyalash, yoshlar bandligini ta’minlash, oilalar bilan ishlashni yanada kuchaytirish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.  

Yil boshidan buyon Yunusobodda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash  maqsadida 1 ming 183 ta  tadbirkorlik sub’ektlari ochilgan. Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining umumiy soni 13 ming 100 taga yetdi. Bu esa hududda infratuzilmaning yaxshilanishi, aholi bandligini ta’minlash, oilalar farovonligini oshirish imkonini bermoqda. Tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi ulushi 42,8 foizni tashkil etmoqda. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi  asosida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida 455 ta loyihaga 13,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Natijasida 495  ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.   Shu bilan birga “Har bir oila – tadbirkor”, “Xotin-qizlar  tadbirkorligi”, “Yoshlar tadbirkorligi”  dasturlari asosida yangi loyihalar amalga oshirilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari barpo etildi.  

Ma’lum bo‘lishicha, Yunusobod tumani Toshkent shahrining “Ayollar daftari”ga  eng ko‘p xotin-qizlar kiritilgan hududi sanalar ekan. Tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Muhsimovaning ta’kidlashicha, asosiy murojaatlar ijtimoiy himoya, uy-joy ta’minoti, xonadonlarni ta’mirlash, subsidiya, ta’lim krediti, sog‘liqni saqlash, bandlikni ta’minlash,  migratsiya va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.  Tegishli tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan ishlar natijasida muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmoqda. Ayni paytda oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasi ham dolzarb sanalib, ajrim yoqasiga kelib qolgan 272 oila yarashtirilgan. “Mahallabay”, “xonadonbay” ish olib borilishi, muammolarning chuqur o‘rganilishi, aholi bilan sayyor  qabullarning muntazam tarzda yo‘lga qo‘yilgani turli murojaatlarga yechim topishda, ularning kamayishida asosiy omil bo‘lmoqda.  

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan kasb va mutaxassislikka ega bo‘lmagan yoshlarni ishga joylashtirish kafolati bilan mehnat bozori talablariga asosan yigit-qizlarni bepul o‘qitish va kasbiy qayta tayyorlash, o‘qish davrida ularga stipendiya to‘lab, ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon 1 ming 86 nafar yoshlar hunarmandchilik, tikuvchilik, o‘ymakorlik, qandolatchilik kabi 30 dan ortiq kasb-hunarga o‘qitildi. Aytish joizki, yoshlarni ish bilan ta’minlashda tumandagi mavjud 64 ta mahallada tashkil etilayotgan tadbirkorlik va  kasb-hunar o‘rgatish maskanlarining ahamiyati katta bo‘lmoqda. Shu bilan birga yoshlarni innovatsion biznes, dasturlash, ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha ham kasb egallashi, o‘z mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga katta ahamiyat qaratilmoqda.  

Matbuot anjumanida umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish masalalari  ham doimiy e’tiborda ekani alohida qayd etildi. O‘quvchilarni oliy ta’limga jalb qilish maqsadida hududdagi bir qator oliy o‘quv dargohlari bilan hamkorlikda maxsus tayyorlov kurslari tashkil etildi. Ahamiyatga molik jihati, ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilar  mazkur kurslarda bepul tahsil olishi hamda ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  2021/2022 o‘quv yili bitiruvchilaridan 157 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj  o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga kurslarda tayyorlanishi uchun  jami 183 million 600 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.  

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida tumanda  yil boshidan buyon bir qator xavfli yuqumli kasalliklar qayd etilmagan. Farzand ko‘rish yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga mahallalarda ham tibbiy ko‘riklar tashkil qilinib, kasalligi aniqlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 858 nafar ayolga shahar va respublika tibbiyot maskanlarida imtiyozli davolanish uchun orderlar berilgan.  

Matbuot anjumanida sanoat, qurilish, kommunal soha, “Yashil makon” umumilliy loyihasi, “Obod mahalla” dasturi  doirasidagi ishlar, hokim yordamchilarining mahallalardagi faoliyati xususida ham batafsil so‘z yuritildi.  

Tadbir doirasida tumandagi bir qator mahallalar, tibbiyot punktlari, yangi qiyofa kasb etgan ijtimoiy ob’ektlarga press-tur ham tashkil etildi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri