Qurolli Kuchlarimizning 29 yillik bayrami arafasida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yodga olinib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Ular orasida Xo‘jaobod tumanining “Karnaychi” mahallasida tug‘ilib o‘sgan marhum, kichik serjant Ilhomjon Do‘stonov ham bor.
Ilhomjon Do‘stonov qisqa umr ko‘rdi. Lekin hayotda u o‘zidan yaxshi nom qoldirdi, Vatan, xalq tinchligi-osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan mard va jasur inson sifatida barchaning xotirasida muhrlanib qoldi.
1976 yilda tavallud topgan Ilhomjon o‘z qishlog‘idagi 10-o‘rta maktabda tahsil oldi. Purviqor Imomota tog‘i etaklarida yurib, chiniqib o‘sgan oddiy qishloq bolasi bolaligidan harbiy bo‘lishni, egniga harbiy libos kiyib, Vatan himoyachisi bo‘lishni orzu qilardi. U maktabda faqat a’lo baholarga o‘qidi, sinfdosh va tengdoshlariga o‘qishda ham, jamoat ishlarida ham namuna bo‘ldi. 6-sinfda o‘qiyotgan paytdan boshlab sportning yengil atletika, voleybol turlari bilan shug‘ullandi. Ko‘plab musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi.
– Ilhomjon harakatchan, bilim olishga ishtiyoqi baland, o‘ziga yuklatilgan har qanday vazifaga mas’uliyat bilan qaraydigan o‘quvchi edi, – deydi uni rus tili va adabiyoti fanidan o‘qitgan faxriy pedagog Robiyaxon Yusupova. – Ayniqsa, do‘stlariga mehribon, o‘tkaziladigan har qanday tadbirda faol ishtirok etar, tashabbus ko‘rsatardi. Shu bois ham u nafaqat tengdoshlari, balki ustozlari orasida ham hurmat qozongan.
Ilhomjon Do‘stonov maktabni muvaffaqiyatli tamomlagach, Zooveterenariya texnikumining huquqshunoslik bo‘limiga o‘qishga kirdi. O‘qishni tamomlagach, Toshkent viloyatida harbiy xizmatni o‘tadi. Xizmatdan qaytgach, ichki ishlar tizimining qo‘riqlash xizmatiga ishga kirdi.
Bolaligidagi orzusi – harbiy bo‘lish niyatidan qaytmagan Ilhomjon bir muddat ichki ishlar tizimida ishlab yurdi. So‘ng barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, 2001 yil Andijon shahridagi harbiy qismga shartnoma asosida ishga kirdi. Ko‘p o‘tmay Namangandagi serjantlar tayyorlash maktabiga o‘qishga yuborildi.
Do‘stonovlar oilasida uch o‘g‘il, ikki qiz voyaga yetdi. Qarangki, o‘g‘illarining uchalasi ham harbiy bo‘lib yetishdi. Hozirda Ilhomjonning ukalari Alimardon va Jo‘rabek mamlakatimizdagi turli harbiy qismlarda xizmat qilmoqda. Ular hamisha akalari bilan faxrlanadi.
– Besh nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik, – deydi Ilhomjonning onasi Zulxumor Do‘stonova. – O‘g‘illarim harbiy bo‘lib yetishdi, ular bilan hamisha faxrlanaman. Ming afsuski, to‘ng‘ichim Ilhomjon Vatan himoyasi, el-yurt tinchligi yo‘lida bevaqt olamdan o‘tdi. Bu qayg‘u, judolikni ko‘tarish og‘ir bo‘ldi, hech bir ona farzandi tobuti ustida yig‘lamasin.
Andijon osmonini qora tutin qoplagan 2005 yilning 12 maydan 13 mayga o‘tar kechasi kichik serjant Ilhomjon Do‘stonov harbiy qismda navbatchi edi. Tunda yurt tinchligini buzishga intilgan bir guruh diniy aqidaparastlar harbiy qismga hujum uyushtirdi. Bo‘lib o‘tgan shiddatli janglarda endigina o‘zining 29 yoshini qarshilagan Ilhomjon ham halok bo‘ldi. Ming afsuski, orzulari bir dunyo bo‘lgan yosh yigit yorug‘ dunyodan erta ketdi.
Ilhomjon turmush o‘rtog‘i Faridaxon bilan ikki nafar farzand ko‘rdilar, u vafot etgan paytda qizi Sevara 7 yoshga, o‘g‘li Javlonbek esa 5 yoshga to‘lgan edi.
Bugun farzandlari ulg‘ayib, dadalari singari fidoyi, el-yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib kamol topgan.
– Dadamni yaxshi eslayman, – deydi marhum Ilhomjonning qizi Sevara Abdumannopova. – Ko‘pincha ishda bo‘lganligi uchun biz dadam bilan kam ko‘rishar edik. Biroq u bizga juda mehribon bo‘lgan. Birga o‘tkazgan shirin damlar xotiramda muhrlanib qolgan, ana shu shirin xotiralar meni aslo tark etmaydi. Dadajonim bilan men hamisha faxrlanaman.
Bugun marhum Ilhomjon Do‘stonov bilan uning oila a’zolari, do‘stlari, yaqinlari, butun mahalla ahli faxrlanadi. Uning mardligi, jasurligi yodga olinadi. U o‘qigan maktabda xotira burchagi tashkil etilgan. Shuningdek, “Karnaychi” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari xotira kuni, turli tadbirlarda Ilhomjon haqida yoshlarga gapirib berishadi. Uning qisqa, lekin mazmunli hayot yo‘li yoshlar uchun ibrat maktabidir.
Vafotidan so‘ng Ilhomjon Do‘stonov “Jasorat” medali, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 15, 20 yillik nishonlari bilan taqdirlangan. Bugun u jisman oramizda yo‘q bo‘lsa-da, o‘zining mardligi, fidoyiligi, insoniy fazilatlari bilan mahalladoshlari, yurtdoshlari qalbida abadiy yashaydi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA