Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech bir murojaat va taklif e’tibordan chetda qolmadi
11:28 / 2022-07-29

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jarayoni “Inson qadri uchun” degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Bunday xalqparvar siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri – bu fuqarolar murojaatlarini tinglash va mavjud muammolarga birgalikda yechim topish, aholiga huquqiy yordam berish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash orqali bugunidan rozi bo‘lib yashashiga hamda ertangi kuniga ishonchi mustahkamlanishiga erishishdan iborat. Ayni jihatlar har bir rahbar faoliyatining bosh mezoni sifatida zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Biz ham navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdik. Jarayonda bir qancha yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz uchrashib, mehnat faoliyatlari bilan bog‘liq muammolari, takliflarini tingladik. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida 38 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan 66 yoshli Mansur Xurramov uy olish masalasida ko‘mak so‘ragan bo‘lsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, rassom Rahimjon Rizamuhammedov Alisher Navoiy metro bekati devoridagi Alisher Navoiyning “Xamsa” asariga bag‘ishlab ishlangan san’at asarining chala qolgan qismini tugatish masalasida murojaat qildi.  

Shuningdek, Zuhra Uzoqova bilan o‘zbek mumtoz san’ati darg‘alaridan biri Ma’murjon Uzoqovning 120 yillik yubileyini keng nishonlash hamda shu munosabat bilan ko‘rik-tanlov o‘tkazish yuzasidan taklifi hamda boshqa qator murojaatlarni muhokama qildik.  

82 yoshli dramaturg, pedagog To‘lqin ota Qozoqbayev bilan o‘zbek milliy dramaturgiyasi rivojiga oid suhbatimiz ham juda qizg‘in va takliflarga boy tarzda kechdi. Umuman aytganda, hech bir masala e’tibordan chetda qolmadi. Fuqarolar murojaatlari bo‘yicha vazirlik mas’ul xodimlarini biriktirish orqali ularga maqbul yechim topishga harakat qildik.  

O‘ylaymizki, Madaniyat vazirligiga soha bilan bog‘liq muammolarni hal etish yuzasidan yordam so‘rab kelgan hech bir inson norozi bo‘lib ketmadi. Sohani yuksaltirishga xizmat qiluvchi samarali takliflarni ilgari surganlarga esa alohida minnatdorlik bildiramiz. 

Ozodbek Nazarbekov, 
madaniyat vaziri

O‘zA