Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech bir murojaat e’tibordan chetda emas
13:38 / 2023-07-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari aholini qiynab kelayotgan muammolarga tezkor yechim topish, joylarda infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun qulay institutga aylandi.

To‘g‘ri, bugun davlat organlari va rahbarlarning ham murojaatlar bilan ishlash tizimi o‘zgarib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala nazoratga olinib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Huquq-tartibot idoralari rahbarlari, vazirlaru hokimlar va boshqa mutasaddilar tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar chog‘ida ham ko‘plab muammoli, nizoli murojaatlarga yechim topilmoqda.

Lekin baribir, ko‘p hollarda odamlar najot istab Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaat qilmoqda. Jumladan, joriy yilning dastlabki olti oyida Urgut tumani aholisidan 5157 ta  murojaat tushgan bo‘lib, 3467 tasi, ya’ni 75 foizi  qanoatlantirilgan.

– Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning asosiy qismi bolalar nafaqasi (375 ta), aliment undirish (282 ta), elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar (198 ta), suyultirilgan gaz bilan ta’minlashdagi muammolar (171 ta), uy-joy (150 ta), mahalla ichki yo‘llarini ta’mirlash (120 ta), davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam (92 ta) bilan bog‘liq bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abduaziz Xudoyberdiyev. – Misol uchun, Quyi Torinjak mahallasida yashovchi M.Mahmudov Xalq qabulxonasiga hududdagi aholining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash yuzasidan murojaat qildi. Mazkur murojaat asosida mahalla hududiga qo‘shimcha 100 kilovatli yangi transformator punkti o‘rnatish uchun mahalliy byudjet hisobidan 60 million so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori qabul qilinib, yangi transformator hamda 8 elektr beton ustunlari o‘rnatildi, 400 metr elektr tarmog‘i tortildi. Natijada mahalladagi 50 ta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi.

Chag‘izmon mahallasi raisi A.Mahmudovning joriy yil mart oyida uyma-uy yurish orqali aniqlangan yo‘l, elektr, suyultirilgan gaz va ichimlik suvi ta’minoti, aloqa (internet) tarmog‘ini yaxshilash va ijtimoiy ob’ektlardagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘l xaritasini amalga oshirishda yordam so‘ragan edi. Mazkur mahalladagi muammolarni hal etishga viloyat Xalq qabulxonasi va viloyat hokimligining amaliy yordami bilan iyul oyida mahalla aholisiga 50 dona maishiy gaz ballon berildi. 1 kilometr masofaga aloqa tarmog‘i hamda 1 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Mahalladagi ikkita ko‘chada 1,2 kilometr masofada asfalt yotqizildi. Hozirgi kunda ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Mahalladagi 1978 yilda qurilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi.

Albatta, bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin. Muhimi, murojaatlar e’tiborsiz qolmayapti. Hokim va sektor rahbarlari, barcha darajadagi mutasaddilar aholi ko‘tarayotgan masalaga qonuniy, tezkor yechim topishga intilmoqda. Sektorlar kesimida tahlil qilganimizda tuman hokimining sektorida 1334 ta murojaatning 428 tasi ijobiy hal etilgan. Tuman prokurori boshchiligidagi 2-sektorda esa 1483 ta murojaatdan 469 tasi, IIB boshlig‘i yetakchiligidagi 3-sektorda 1488 tadan 469 tasi va soliq inspeksiyasi boshlig‘ining cyektorida 852 ta murojaatning 291 tasi ijobiy hal etilgani ma’lum bo‘ldi.  

Sektor rahbarlarining joylarda o‘tkazayotgan sayyor qabullari aholini o‘ylantirayotgan masalalarga joyida yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2-sektor rahbari joriy yilning 15 mart kuni Jozmon mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulda Taroqli mahallasida yashovchi Dilovar Razzoqova mahalladagi yaroqsiz holga kelib qolgan simyog‘ochlarni almashtirish va elektr tarmog‘i tortishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat nazoratiga olinib, hozirgi kunda Dehqonobod elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Taroqli mahallasida 60 dona elektr beton tayanch ustunlari o‘rnatish va 1 kilometr elektr tarmog‘i tortish ishlari boshlangan.

3-sektor rahbarining shu yil 12 may  kuni To‘rtko‘l maxallasida o‘tkazgan sayyor qabulida G‘ijduvon mahallasida yashovchi Muhammadi Rahmonov mahallaning asosiy  ichki yo‘lini shag‘allashtirishda amaliy yordam so‘ragan edi. Bu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy ish olib borilib, 1 kilometr ichki ko‘chaga shag‘al yotqizildi. To‘rtinchi sektor rahbari ham Bog‘ishamol mahallasidagi sayyor qabuldagi murojaat asosida Katta Torinjak mahallasidagi yaroqsiz holga kelgan aloqa tarmog‘i beton ustunlarini almashtirishga yordam berdi va 150 metr aloqa tarmog‘i tortildi.

Odamlar qachonki mushkul ahvolga tushsa yoki biror bir masala hal bo‘lmasa, davlat organlari, rahbarlar eshigini qoqadi. Muddao – muammoga yechim topish. Masalasi hal bo‘lsa, xo‘p-xo‘p. Davlatga ham, rahbarlarga ham ishonchi ortadi. Aksincha bo‘lsa-chi?! Prezident bugun rahbarlar oldiga qo‘yayotgan talab shu – odamlarni rozi qilish, ularning yashash sharoitini yaxshilash, ertangi kunga ishonchini mustahkamlash.  

G‘.HASANOV,

O‘zA