Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas!
11:39 / 2022-10-30

Ijtimoiy tarmoqlarda umra to‘lovi bilan bog‘liq ayrim fuqarolarning firibgarliklari aks etgan holatlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumki, Umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshiriladi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi, deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qilishicha, «Haj» va «Umra» safarlari to‘lovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas.

Afsuski, ayrim shaxslar mo‘min-musulmonlar ishonchini suiiste’mol qilib, Umra amalini niyat qilgan hamyurtlarimizning pullarini aldov yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh bo‘lishi lozim.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro‘yxati asosida Umra ibodatini amalga oshiradi. Ya’ni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Bungacha bo‘lgan jarayonlar, ya’ni Umra navbatini yuritish va fuqarolardan to‘lovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab o‘rganishni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bog‘lab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot bo‘lish so‘raladi.

Aholi orasida asossiz ma’lumotlarni tarqatish Islom dini ta’limotiga ko‘ra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Ma’lumot o‘rnida, Umra ziyoratchilari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.

O‘zA