Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hech bir ayol e’tibordan chetda emas
18:12 / 2024-03-05

Samarqand viloyatining 4 million 31 ming nafar aholisining 1 million 994 ming nafardan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 1350 nafari boshqaruv lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasidagi xodimlarning 82 foizi, ta’lim sohasi vakillarining 76 foizi xotin-qizlardir. Keyingi yillarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilayotgan ayollar safi ham kengayib bormoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 2200 nafar faol xotin-qiz zaxiraga olingan.

O‘tgan yili samarqandlik 14 yoshli Afruza Hamdamova Italiyada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioniga aylandi. Mamlakatimiz xotin-qizlari orasida birinchi jahon chempioni bo‘lgan ishtixonlik Nigina O‘ktamova esa Osiyo o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritib, joriy yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan yozgi olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 

Yaqinda “Yosh kitobxon” tanlovi respublika final bosqichida jomboylik maktab o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi «Cobalt» avtomobili bilan taqdirlandi.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, samarqandlik ikki nafar iste’dodli qiz – Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi, badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Vilana Savadyan hamda Toyloq tumani “Qo‘shchinor” gazetasi muxbiri Nargiza Yunusova Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

– Viloyatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. – Shu bilan birga keyingi paytda davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar samarasida viloyatimiz xotin-qizlari nafaqat oilada, balki jamiyatda ham o‘z munosib o‘rnini topmoqda, ularning faoligi oshyapti.Ko‘pchilik xotin-qizlarning hayotdan roziligi, tinch va farovon hayot kechirishi asosan oilada o‘z o‘rnini topishida deb biladi. To‘g‘ri, bu fikrda ham jon bor. Lekin ayollar faqat oila, ro‘zg‘or tashvishlari bilan o‘ralashib qolmasdan, jamiyatda ham faol ishtirok etishi, mehnat qilib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shishi lozim. Ayni shu maqsadda o‘tgan yil viloyatimiz bo‘yicha 98,5 ming nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlashga erishdik. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 28,3 ming nafar opa-singilimizga 456 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratildi. 

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yil viloyatdagi 628 mahalada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etildi. Bu markazlar faoliyat boshlashi bilan 2900 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 2500 nafardan ortiq beka kasb-hunarga o‘qitildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularni qo‘llab-quvvatlashda “Ayollar daftari” tizimining ahamiyati tobora oshib bormoqda. Birgina 2023-yilda viloyatda “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan 108 ming 500 dan ortiq ayolning deyarli barchasining muammolari hal etildi.

Xususan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 33758 nafar xotin-qizga 22,2 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi, 3510 nafar ayolning uy-joyini ta’mirlash uchun 5,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek tezkor tibbiy muolajaga muhtoj bo‘lgan 23 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizga 16,1 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ajratildi. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor 12 mingga yaqin xotin-qizga ham moddiy yordam berildi.

Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 33 nafar xotin-qiz va “Ayollar daftari”dagi onalarning 2 nafar farzandiga shartnoma to‘lovi to‘landi. Bundan tashqari, ehtiyojmand xotin-qizlarning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar uchun Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 585-sonli qarori talabidan kelib chiqib, 150 nafar qizning oliy o‘quv yurtida o‘qishi uchun shartnoma puli viloyat hokimligi tomonidan to‘lab berildi. Bu ham qizlarimiz uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.

– Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramasdan xotin-qizlar bilan bog‘liq og‘riqli masalalarimiz ham yo‘q emas, – deya so‘zida davom etadi Z.Rahmonova. – Masalan, o‘tgan yil 2493 nafar yolg‘iz ona qayd etildi, oilaviy ajrimlar 2022-yilga nisbatan 300 taga kamaygan bo‘lsa-da umumiy soni 4600 dan ortiqni tashkil etdi. 1 million 35 mingdan ortiq fertil yoshidagi ayolning 206 ming nafarida farzand ko‘rishga monelik bor. 848 nafar xotin-qiz tomonidan 773 ta jinoyat sodir etilgan. 862 nafar opa-singlimiz ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turadi. 2023-yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 2232 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Albatta, bu qatlam bilan ishlash oson emas, ammo vazifamiz shuni taqozo etadi, har bir ayolning muammosi, masalasini o‘zimizniki, deb qaraymiz. 

Bu ayollar bilan ko‘proq ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etmasak, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib olishiga ko‘maklashmasak, bu ertaga yana ham og‘ir masalalarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularni tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday turlaridan himoya qilish, oilaviy ajrimlarni kamaytirish maqsadida “Oqila ayollar harakati” a’zolari va mahallalardagi faol ayollarni jalb qilgan holda muntazam targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz. Muammoli oilalar bilan individal tartibda ishlayapmiz. Birinchi navbatda, bu oilalar bekalariga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda, ularning salomatligi bilan bog‘liq, shuningdek, ijtimoiy muammolari hal etilyapti. Shuningdek, ular mahalladagi tadbirlarga jalb etilib, doimo davlatimizning, mahallaning e’tiborida ekanligini his qilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri