Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazretali Tursun: jadidchilik katta tarix va bu turk xalqlarining tarixi fanini yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda 
16:33 / 2023-12-12

Kuni kecha Toshkentda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshlagan edi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan tadbirda AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Yaponiya singari mamlakatlardan taniqli olimlar qatnashmoqda. 

Bugun anjuman ishtirokchilari sessiyalarga bo‘lingan holda mavzu yuzasidan muhokamalarini davom ettirdi. 

Xalqaro konferensiya ishtirokchisi Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Turk-Qozoq universiteti professori Hazretali Tursun (Qozog‘iston) bilan suhbatlashdik: 

– Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan bu katta ilmiy anjuman xalqaro ahamiyatga molik. Konferensiyalarda ko‘p ishtirok etganman, lekin bu tadbir hammasidan o‘zgacha bo‘ldi. Chunki bu muhim mavzudagi anjumanga davlat miqyosida e’tibor qaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga murojaatini katta qiziqish bilan eshitdik. 

Konferensiyada turli davlatlardan kelgan olimlarning barchasi jadidchilik g‘oyalari haqida o‘z fikrlarini bayon etmoqda. Men ham Qozog‘istonda jadidchilik bilan bog‘liq qanday ishlar amalga oshirilgani haqida ma’ruza qildim. 

Aytib o‘tish kerakki, XX asrning boshida jadidlar, xususan Turkiston jadidlari mustaqilligimizning siyosiy platformasi, ilmiy negizini yaratgan edi. Lekin, sir emas, ularning harakati bolsheviklar tomonidan barbod etildi. 

Mustaqillik tufayli ularning g‘oyalari ma’lum ma’noda amalga oshdi, ya’ni turkiy davlatlar o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Lekin bu hamkorlik juda keng miqyosda emas edi. Keyingi bir-ikki yilda bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. Turkiy davlatlar tashkiloti tuzilgani bunga keng yo‘l ochdi. Davlatlarimiz rahbarlari tashkilot doirasida nafaqat iqtisodiy, balki boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu hamkorlik yanada rivojlanishi uchun biz olimlar ilmiy dalillarga asoslangan takliflar berib borishimiz kerak. 

– Siz faoliyat yuritayotgan universitetdagi ta’lim jarayonida o‘zbek jadidlari haqida ma’lumotlar beriladimi?  

– Universitetimizda 12 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Ularning 3 mingdan ziyodi esa turkiy davlatlardan. Turk xalqlari tarixiga ularning qiziqishi baland va bu yo‘nalishda kengroq ilm beriladi. Bu fan orqali turk ziyolilari, turkistonlik jadidchilar haqida, ularning g‘oyalari haqida ma’lumot beriladi. Ular orasida O‘zbekistonda yashagan Munavvarqori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon va boshqalar ham bor. Biz Cho‘lponni qozoq shoiri Maqjan Jumabayev bilan teng darajada qo‘yamiz va ijodlarini yuqori baholaymiz. Mahmudxo‘ja Behbudiyning xizmatlari, Alash qo‘zg‘oloni se’zdlarida qatnashgani, umuman, jadidchilik harakatining o‘zi katta bir tarix. Shu nuqtai nazardan turk xalqlarining tarixi fanini yanada kengaytirishimiz kerak. 

Norgul Abduraimova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA