Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrati Sulton cho‘qqisi
15:19 / 2025-08-12

Sayohat manzillari

Tog‘lar – bag‘rida sir saqlaydigan azim tabiat qudrati. Ko‘zlaringiz oldida osmonga tutashgan sarhadsiz cho‘qqilar turgan bir paytda nafaqat tanangiz, balki ruhingiz ham yuksaladi.

Bu galgi manzilimiz  Hisor tog‘ tizmasining yuqori burchagida joylashgan Hazrati Sulton cho‘qqisi. Bu cho‘qqi nafaqat tabiat mo‘’jizasi, balki tarix sir-sinovlarini ham bag‘rida joylagan.

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi nufuzli gazetalar, telekanallarning muxbirlari, nashriyot xodimlari hamda viloyat hokimligi vakillaridan iborat bir guruh ijodkorlar bilan birgalikda cho‘qqi tomon yo‘lga otlandik.

Ham ziyorat, ham sayohat deganlaridek, rejamizni ikki kunga mo‘ljallab olganmiz. “Hisorak” suv omboridan o‘tib, Hisorak mahallasi markazidan Ko‘l qishlog‘i tomon yuramiz. Mazkur hududlarda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar bahonasida tog‘ yo‘llari ancha ta’mirlangan. Shuning evaziga yengil mashinada bemalol harakatlanish mumkin.  

Oldindan belgilab olganimiz Ko‘l qishlog‘iga ozgina masofa qolgan joyda, daryo bo‘yidagi  dam olish maskanida to‘xtadik. Shu yerda tushdan keyingacha dam olamiz, chunki cho‘qqiga tunda chiqish anchagina samarali ekan. Shovullagan daryo, azim chinorlar va yong‘oqlar quyosh nurlarini shu qadar to‘sganki, ostiga nur tushmaydi. Mo‘’jaz so‘riga yonboshlab, toza havodan to‘yib nafas olasan. Shoxdan-shoxga sakrab, sayrayotgan qushlar ovozi sekin allalaydi. Bunday joylardagi bir soatlik uyqu diqqinafas shaharning bir sutkasiga teng. Tana bir pasda kislorodga to‘yinib tetiklashadi. Qon aylanishi yaxshilanadi.  

Xullas, vaqt bo‘ldi. Tushdan keyingi soat besh. Sayohat tadorigini ko‘ra boshladik. “Hisor” davlat qo‘riqxonasi rahbari Qahramon Normuhammedov maxsus “Neva” mashinalaridan yordam qiladigan bo‘ldi. Qalinroq kiyinib, ikki mashinada yo‘lga tushdik. Bu yog‘iga borgan sayin yo‘l mashaqqati ortaveradi.  

Yo‘l yuqoriga qarab borgan sari, motor ovozi balandlashar, havo esa salqinlashadi. Har bir burilish, har bir dovon nafaqat texnik jihatdan, balki ruhiy jihatdan ham sinov edi.

Ko‘l qishlog‘i chegarasidagi harbiy postda tekshiruvdan o‘tib, yana yo‘lga tushdik. Har bir qadam yuqoriga, har bir burilish cho‘qqiga yaqinlashtirar, biroq cho‘qqi xuddi ufqday – yaqinlashgandek, ammo yetish qiyin.

Nihoyat 3-3,5 soat yo‘l yurib, cho‘qqiga chiqiladigan ostonaga yetib keldik. Sayyohatchilar juda ko‘p. Palatkalar tikilgan, bir tomonda qozonlarda taom tayyorlanmoqda. Yuqoridan qaralganda bozorchani eslatadigan manzara. Barchani cho‘qqini ziyorat qilish maqsadi boshlab kelgan bu yerlarga. Qosh qorayishiga hali biroz vaqt bor. Yo‘l boshlovchilarimizning aytishicha, taxminan yarim soat atrofida shu yerda dam olib ob-havoga moslashish zarur. Shunday qilinsa, yurak faoliyati yaxshilab, tepaga chiqishda qulay bo‘ladi.

Cho‘qqiga chiqishda albatta qo‘lga hassa olish juda zarur ekan. Nishablikka chiqishda u katta yordamchi hisoblanarkan. Biz esa pastdan olmaganimiz sabab, biroz vaqtimiz hassa qidirish bilan o‘tdi. Shunda ham hammamizga topilmadi. Qorong‘u tusha boshlagach, soat 20:30 larda cho‘qqiga chiqishni boshladik. Tik nishablik dastlabki odimlarimizdanoq oyoqlarni toliqtira boshladi. Yuz qadam yurib toshlarga o‘tirib nafas rostlaymiz. Yana yurishda davom etamiz. Ilon izi qum-shag‘alli suqmoqlardan yuqoriga qarab o‘rmalaymiz.

Har bir qadam og‘irlashar, har bir nafas yurakka urilib kelardi. Yo‘lda yoshu keksa, yurishdan toliqqan, ammo maqsad sari intilayotgan ko‘plab sayohatchilar. Ularning har biri qalbida umid, chehrasida intizorlik bilan cho‘qqi sari harakat qilardi.

Har safar to‘xtaganimizda odamlar bilan suhbatlashar, begona bo‘lsa-da, bir maqsad yo‘lida birlashgan insonlar orasidagi bag‘rikenglikni his qilib turardik. Ayniqsa, to‘lqinlangan oy nuri ostidagi bu sayohat  go‘yo ruhiy tozalanish, tavba safari edi.

Cho‘qqi atrofidagi hikoyalar qalbga shijoat bag‘ishlaydi. Qadim zamonlardan beri bu tog‘ so‘g‘dlar uchun muqaddas hisoblangan. Quyoshni kutib olish, qurbonlik qilish, otashparastlar ibodatlari...  

Ba’zi rivoyatlarda esa, Imom Husayn (r.a.)ning boshi aynan shu cho‘qqida dafn etilgani aytiladi. Bu esa sayohatni nafaqat qiziqish, balki ruhiy intilishga aylantiradi.

Pastda ilib qolgan suvlarimiz shu qadar yaxlagan, tishni yoraman deydi. Nihoyat cho‘qqining tagiga yetib bordik. Odamlar gulxan yoqib isinishardi. Biz ham ozgina isinmoqchi bo‘ldik, ammo joy tegmadi. Majbur yo‘lda davom etdik. Shu yergacha bosib o‘tgan masofamiz bir tomon, bu yog‘i bir tomon bo‘ldi. Cho‘qqigacha taxminan 450-500 metrlik tik qoya. Shu masofani yonbag‘ridan yurib chiqish talab etiladi. Yaxshiyamki, hamma yoq qorong‘u, fonar yorug‘ida suqmoqdan boshqasi ko‘rinmaydi. Aslida pastga qaralsa, bosh aylanib ketadigan tik jarliklarni yoqalab borayotgan ekanmiz. Bunga qaytib tushguncha guvoh bo‘ldik va hayratlandik.  

Soat 3:30. Oqshomdan buyon yurilgach nihoyat cho‘qqiga yetkazdi. 450 metrga yaqin tiklikni fonar nurida bosib o‘tdik. Yetganimizda o‘zimizni go‘yo osmonning po‘stlog‘iga tekkandek his qildik. Qattiq shamol, sovuq, uyqusizlik  bir zumda yo‘qoldi.

[gallery-24719]

Sharqdan qizil nurlar tusha boshladi. Quyosh avval ikki marta “uf” tortib, go‘yo erinibgina ko‘tarildi. Bu manzarani ko‘zda yosh, yurakda ehtirom, tanda esa shukronalik bilan qarshi oldik. Bir necha soatlik mashaqqat shu lahzada o‘z baxtini topgandek.

Tog‘ ustida bir necha o‘n kishi bo‘lsa-da, hech kim torlik sezmadi. Chunki bu yerda qalblar muyassar bo‘lgan, ruhlar yuksalgan edi.

Hazrati Sulton  shunchaki tog‘ emas. Bu inson irodasi, sabr va ruhiy tozalanish cho‘qqisi. Har qadamda uqubat, lekin oxirida muhabbat. Unga yuzlansangiz, o‘zingizni, qalbingizni, tarixingizni va tag‘in nimalarnidir ko‘rasiz, his qilasiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri