Hazrati insonlarga taʼzim
Chexiyaning Liditse nomli moʻjazgina shaharchasida kishi qalbini cheksiz qaygʻu va anduhga toʻldiruvchi yodgorlik majmuasi mavjud.
Chexiyaning Liditse nomli moʻjazgina shaharchasida kishi qalbini cheksiz qaygʻu va anduhga toʻldiruvchi yodgorlik majmuasi mavjud.
“Urush qurboni boʻlgan liditselik bolalarga bagʻishlanadi” deb nomlangan bu majmua misdan yasalgan 82 haykalchadan iborat boʻlib, sizga mayus boqib turgan 40 nafar oʻgʻil va 42 nafar qiz bolaning ramziy siymosi natsistlar fashizmi insoniyat boshiga solgan xunrezliklarni yodga soladi.
...1942 yilning iyunida fashistlar qoʻliga oʻtgan Liditsega partizanlar hujum uyushtiradi. Oʻrtadagi jangda shaharchaga fashistlar tomonidan nazoratchi qilib tayinlangan reyxsprotektor Raynxard Geydrix ogʻir jarohatlanadi va vafot etadi. Bundan gʻazablangan natsistlar dohiysi Adolf Gitler shafqatsiz farmon beradi. Shaharchaning 173 nafar erkak aholisi otib tashlanadi, 203 nafar ayol oʻlim lageriga joʻnatiladi. 105 nafar bola saralanadi. Saralashdan oʻtgan 23 nafar bola nemis oilalariga natsist etib qayta tarbiyalash uchun beriladi, qolgan 82 nafari gestapoga topshiriladi. Keyinroq ular Xelmnodagi oʻlim lagerida gaz bilan zaharlab oʻldiriladi.
Bu natsistlar insoniyat boshiga solgan kishilik tarixidagi eng qonli, mislsiz yoʻqotish va qurbonliklarga sabab boʻlgan urushning kichik bir lavhasi. 1939 yilda boshlanib, 1945 yilda tugagan bu urushda dunyoning 80 foizdan ortiq aholisi yashagan 62 davlat ishtirok etgan. Bevosita janglarda 50 million kishi halok boʻlgan, boshqa talofatlarni ham qoʻshganda 70 millionga yaqin kishi nobud boʻlgan.
Hazrati Inson
Toshkentning markaziy maydonlaridan birida barchamizga tanish toshkentlik Shomahmudovlar yodgorlik majmui oʻrnatilgan. Bu oʻzbek xalqining bagʻrikengligi, insonparvarligi ramzidir.
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz misli koʻrilmagan mardlik va olijanoblikni namoyish etib, buyuk Gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi. Urush davrida harbiy harakatlar qurshovida qolgan hududlarning bir yarim milliondan ziyod aholisi Oʻzbekistonga koʻchirib kelindi. Maʼlumotlarga qaraganda, ularning 400 mingga yaqini bolalar boʻlib, 200 mingdan ortigʻi chin yetim boʻlgan. Shuncha bolani Oʻzbekistonning minglab oilasi oʻz bagʻriga oldi va bir mayizni qirq boʻlib yedi. Bolajonlar shu eldan mehr topdi.
Vatandoshlarimizdan qay biri ikki, yana kimdir uch nafar bolani qaramogʻiga olgani, ularga murabbiylik qilgani haqida tarixiy maʼlumotlar juda koʻp. Xususan, kattaqoʻrgʻonlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Joʻrayev hamda Ashurxoʻjayevlar oilasi 8 nafardan qarovsiz qolgan bolalarni oq yuvib, oq tarashdi. Toshkentlik Shoahmad ota va Baxri aya Shomahmudovlar ham shunday oilalardan biri edi. Ular ibrat koʻrsatib, urush davrida boshpanasiz, ota-onasiz qolgan 13 bolani, urushdan keyin ham yana 3 oʻgʻil-qizni oʻz tarbiyalariga olgan. Shoahmad ota va Baxri aya bagʻrida rus, belarus, ukrain, tatar, moldavan, yahudiy, latish, qozoq, chuvash millatlariga mansub bolajonlar panoh topdi.
Taniqli adib Rahmat Fayziy Shomahmudovlar oilasining oʻshandagi matonati haqida “Hazrati Inson” deb nomlangan roman yozdi. Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov ushbu roman asosida “Sen yetim emassan” badiiy filmini suratga oldi. Bu asarlardagi yuksak tuygʻular bugungi kunda ham yoshlar uchun ibrat namunasi boʻla oladi. Filmda oʻzbek xalqining naqadar bolajon va tantiligi, bagʻrikeng va olijanobligi, mehridaryo va insonparvarligi taʼsirchan syujet hamda hayotiy lavhalarda ochib berilgan.
Shunga qaramay, urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan fidoyilik, matonat, mehnatsevarlik, iroda namunalari badiiy va ilmiy asarlarda toʻligʻicha aks etmagan, deb oʻylaymiz. Oʻsha yillari Oʻzbekiston aholisi tomonidan mudofaa jamgʻarmasiga 649,9 million soʻm naqd pul, 4 milliard 226 million soʻmlik zayom, 52,9 kilogramm oltin hamda kumush topshirilgan. Frontga 7 million 518 ming 800 ta gimnastyorka, 2 million 636 ming 700 ta paxtalik, 2 million 221 ming 200 ta etik va qoʻnjli botinka yuborilgan. Yengil sanoat korxonalari tomonidan 246 million soʻmlikdan ziyod turli mahsulotlar, shuningdek, 1 million 282 ming tonna gʻalla, 482 ming tonna kartoshka hamda sabzavot, 1000 tonna poliz mahsulotlari, quruq va hoʻl mevalar joʻnatilgan.
Urushning dastlabki kunlaridayoq umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qilindi. Oʻrta Osiyo harbiy okrugi front uchun 1941 yil iyundan 1942 yil oxirigacha harbiy safarbarlik asosida 109 ta harbiy qoʻshilma tuzdi, harakatdagi armiyaga va Oliy Bosh qoʻmondonlik qarorgohi rezerviga 86 diviziya va brigada joʻnatdi. Oʻzbekiston hukumati milliy harbiy qoʻshilmalar tuzish tashabbusi bilan chiqdi. 1941 yil 13 noyabrdan 1942 yil martigacha 14 ta milliy harbiy qoʻshilma, jumladan, 9 ta oʻqchi brigada, 5 ta otliq askarlar diviziyasi tuzilib, frontga joʻnatildi. Umuman, urush boshlarida 6,5 million kishidan iborat boʻlgan Oʻzbekiston aholisining 1433230 tasi urushga safarbar etilgan.
Urush yillarida Oʻzbekistonga frontda yarador boʻlgan jangchilar koʻplab keltirildi. Urush boshlangandayoq respublika hukumati gospital bazasini tashkil qilishga kirishgan edi. 1941 yil 1 oktyabrgacha Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash xalq komissarligi tizimida 14950 oʻringa ega boʻlgan 47 gospital barpo etildi va zarur uskunalar bilan jihozlandi. Faqat Moskva, Kalinin, Rostov va boshqa viloyatlardan 15900 oʻrin-karovatga ega boʻlgan 48 gospital respublikamizga koʻchirib keltirildi va ishga tushirildi.
Evakuatsiya qilingan gospitallarga Oʻzbekistonning yirik shaharlaridagi eng yaxshi binolar ajratib berildi. 1942 yilning oxirida Oʻzbekiston hududida 39140 oʻringa ega boʻlgan 113 ta evakuatsiya gospitali joylashtirildi. Urush yillarida bu gospitallarga 164382 yarador keltirilgan boʻlib, ulardan 87 foizi davolanib chiqdi. Davolanayotgan jangchilar toʻlaqonli ovqatlanishini tashkil qilish uchun 750 dan ortiq korxona, tashkilot, kolxoz va savxoz gospitallarni otaliqqa oldi va butun oʻzbek xalqi yaradorlarga gʻamxoʻrlik qildi.
Markaziy Osiyo respublikalariga evakuatsiya qilingan 308 korxonaning 104 tasi Oʻzbekistonga joylashtirildi. Bu korxonalarni joylashtirish, montaj qilish va gʻoyat qisqa muddatlarda ishga tushirishda talabalar, oʻquvchilar, uy bekalari, fan va madaniyat xodimlari, xizmatchilar va kolxozchilar katta kuch-gʻayrat bilan tinim bilmay mehnat qildi va qisqa kunlarda, yaʼni “Rosselmash” 25 kunda, “Qizil Oqsoy” zavodi 29 kunda ishga tushirilib, mahsulot bera boshladi. 1941 yil dekabrga kelib evakuatsiya qilingan korxonalarning qariyb 50 tasi ishga tushirildi. 1942 yilning birinchi yarmida esa koʻchirib keltirilgan sanoat korxonalarining barchasi mahsulot chiqara boshlagan.
Tarixiy manbalardan olingan bu raqamlar zamirida xalqimizning matonatli mehnati, metindek irodasi yotgani hech kimga sir emas. Afsuski, Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi davrida frontda va front ortida kechgan ogʻir va mashaqqatli hayoti, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini har tomonlama aks ettirgan yaxlit ilmiy-tarixiy kitob yoki hujjatlar toʻplami shu paytga qadar toʻliq yaratilmagan.
Urush yillarida xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ishlarni, uning kuchli iroda va qahramonligini, oʻsha davr haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalash borasida bunday manbalar gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Bu yil Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 74 yil boʻldi. Bu Ulugʻ Gʻalaba tinchlikparvar kuchlarning, xalqlarning birgalikdagi katta yutugʻidir. Tinch va osuda hayotimiz uchun kurashgan ajdodlarimiz xotirasi oldida oʻzimizni qarzdor his etish, ularni doimo yodda saqlash har birimizning insoniy burchimizdir.