Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrat Sayid Amir Kulol haqida bir afsona
16:25 / 2019-09-03

Bu inson bir kuni qishlogʻidagi maydonda kurash tushayotgandi.


Bu inson bir kuni qishlogʻidagi maydonda kurash tushayotgandi. Uni koʻrgan hamqishloqlari malomat qila boshladilar. – Qaranglar, shunday bilimli va obroʻli yigit bidʼat ish bilan shugʻullanayapti!.. Hoy, Amir Kalon! Sendek yigitga shu ish loyiqmi?! Oʻzingga yarashadigan ish qilsang boʻlmaydimi? Bu soʻzlarni eshitgan Amir Kalon kurash tushishdan toʻxtadi. Davradagi odamlarga qarab chiqqandi, barcha tomoshabinlarni uyqu bosib, tush koʻra boshladilar.

“Davradagilarning oyoqlari gunoh botqogʻiga botgan emish. Ming urinib, tirishsalar-da, oyoqlarini botqoqdan tortib ololmayotganmishlar. Bu botqoqdagilarning hammasi – doʻzaxiydir, degan nido kelayotganmish. Shu damda Amir Kalon kelib, botqoqlik uning oyoqlari tagidan qochayotgan emish. U navbatma-navbat qoʻl choʻzib, bu yerdagilarning barini tortib olibdi”. Jamoa uygʻonib, tushimmi-oʻngimmi, degandek, bir-biriga boqsa, Amir Kalon – Hozirgi koʻrgan tushingiz toʻgʻri tush! Mendek kimsalar haqida yomon xayollarga bormang va ularning ishini rad etmang! Chunki siz asl haqiqatdan bexabarsiz!

Haloyiqqa oʻz fikrlarini gʻayritabiiy va koʻrgazmalik qilib yetkazgan Amir Kalon raqibiga yuzlanib yana kurashga tutindi. Bu gʻaroyib hodisadan hang-mang boʻlgan tomoshabinlar bu yigitning xislatiga tan berdilar. Shu voqeadan keyin Suxor qishlogʻida hech kim Amir Kalonni kurash tushgani uchun malomat qilishga botinmaydigan boʻldi.

Mazkur afsona 1288-yilning 30-noyabr kuni Buxoroda tugʻilgan Amir Kalon deb ism berilgan, butun dunyoga esa Hazrat Sayid Amir Kulol nomi bilan maʼlumu mashhur inson haqida edi.

Yosh Amir Kalon birinchi ustozi Hazrat Sayid Ahmad Otadan Haqqa yetishish zinalarini, yaʼni: birinchisi – shariat; ikkinchisi – tariqat; uchinchisi – haqiqat va toʻrtinchisi – maʼrifatni Olloh ato etgan idroki bilan oʻrgandi. Va faqat oʻrgandi emas, boshlangʻich tasavvuf ilmidan ham xabardor boʻldi. Soʻngra Romitan yaqinidagi Samos qishlogʻida tugʻilgan Hazrat Xoja Muhammad Bobo Samosiydan yanada kengroq ilm oʻrgandi.

Soʻngra otasi kulol – Amir Hamzadan hunar oʻrgandi. U yasagan sopol laganlari-yu, kosa va koʻzalari otasinikidan qolishmasdi. Qoʻli tekkan mahsulotlar bozorga borishi bilan tez sotilib ketar, bu esa Amir Hamzaning yanada kattaroq ishtiyoq va mamnuniyat bilan kasbining barcha sir-asrorlarini oʻgʻliga oʻrgatishga sabab boʻlardi.

Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, 1370-yilda vafot etgan Hazrat Sayid Amir Kulolning valiylik darajasi juda yuksak boʻlgani aytiladi. U hech qachon oʻtda kuymagan. Hattoki uning kiyib yurgan libosu kiyimlari ham aslo yonmagan. Baʼzan esa, Hazratni haqorat qilgan shaxslar jazo topganlar. Bu holatlar Amir Kulolning aqliy va ruhiy istagisiz roʻy bergan.

Yuzdan ortiq shogir yetishtirgan Hazrat Sayid Amir Kulolning shogirdlari orasida eng mashhuri Bahouddin Naqshband hazratlari hisoblanadi. Bu insonning toʻrtta oʻgʻli boʻlgani tildan-tilga oʻtib kelmoqda. Biroq, ulardan ikkitasining qabri nomaʼlum. Bittasi Turkiyaga ketgani va kenja oʻgʻil Saidiy Umar Sohibqiron Amir Temurning vaziri boʻlgani hamda Kabri Samarqandda ekani haqida ayrim manbalarda keltirilgan.

Ayni vaqtda Kogon tumanida joylashgan “Said Amir Kulol” majmuasida ming nafar namozxonga moʻljallangan jome masjid, 100 oʻrinli tahoratxona, hojatxona, kulolchilik ustaxonasi va mehmonxona qurilmoqda. Shuningdek, majmua hududida yoʻlaklar yotqizish, koʻchatlar ekish, bogʻdorchilik, ayvonlar qurish va boshqa obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Qabri Buxoroda joylashgan yetti avliyoning biri deya, eʼtirof etilayotgan bu insonning soʻnggi makoni kelgusida koʻrkam maskanga aylanib, sayyohlar eʼtiborini tortishi shubhasiz.