Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrat Navoiyning hindistonlik ustozi
13:24 / 2020-01-18

Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy oʻz asarlarida bir qator Sharq allomalari, mutafakkirlari, shoiru fozillarning hayoti va ijodi haqida qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirgan.


Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy oʻz asarlarida bir qator Sharq allomalari, mutafakkirlari, shoiru fozillarning hayoti va ijodi haqida qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirgan. Buyuk shoirimiz alohida hurmat-eʼtibor bilan bir qator asarlarida tilga olib, oʻz ustozlari qatorida sanab oʻtgan Sharq shoirlaridan biri Amir Xusrav Dehlaviyir.

Maʼlumki, Xusrav Dehlaviy Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tamal toshini qoʻygan “xamsa”chilik anʼanalarining davomchilaridan biri sanaladi. Maʼlumotlarga koʻra, uning otasi Sayfiddin Mahmud asli shahrisabzlik boʻlib, moʻgʻullar bosqinidan jon saqlab qolish uchun turkiy sulolalar boshqaruvi ostidagi Hindistonga koʻchib kelgan. Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish (1211-1236) uni saroyga taklif qilib, amirlik unvonini bergan. Shu bois Xusrav Dehlaviyning ismiga ham Amir unvoni qoʻshib aytiladi.

Amir Xusrav Dehlaviy 1253-yilda Dehli yaqinidagi Patiyola qasabasida tavallud topgan. Yoshligidan ilm-fan, ijodga havasmand boʻlib ulgʻaygan. Amir Sayfuddin Mahmud moʻgʻullarga qarshi janglardan birida halok boʻlgach, sakkiz yoshida otasiz qolgan Xusrav buvasi Imodulmulk qoʻlida tarbiya topadi va oʻz davrining bilimdonlaridan biri, zabardast shoir boʻlib yetishadi.

Hikoya qilishlaricha Dehli hukmdori bir kun mashhur shoirlarni oʻz huzuriga chorlaydi. Shunda boʻlajak shoirning ustozi Saʼdiddin Muhammad bu yigʻinga yosh Xusravni ham boshlab boradi va yigʻilganlarga uning favqulodda isteʼdodi haqida gapiradi. Shunda bu yerda hozir boʻlgan Xoja Izzuddin degan mashhur shoir yosh Xusravni sinab koʻrish uchun unga “moʻy, urugʻ, oʻq, qovun” degan toʻrt soʻz ishtirok etgan sheʼr tuzishni soʻraydi. Xusrav bu soʻzlardan:

Qoʻsh zulfini har moʻyida ul shoʻx sanam,
Yuz anbar urugʻin ichida qilmish zam.
Koʻnglini aning oʻq kabi toʻgʻri demagil,
Tishlar chu qovun kabi uning bagʻrida jam,

degan toʻrtlik toʻqib yigʻilganlarning olqishiga sazovor boʻladi.
Xusrav Dehlaviy voyaga yetgach, Dehli hukmdorlarining saroyida xizmat qiladi, shu bilan birgalikda yuksak mahorat bilan badiiy asarlar – gʻazallar, qasidalar, tuyuqlar, ruboiylar va boshqa janrlardagi asarlarini yaratadi.

Nizomiy Ganjaviydan soʻng oradan bir asr vaqt oʻtib, Xusrav Dehlaviy uning “Xamsa” asariga javoban, 1299-1301-yillarda “Matlaʼu-l-anvor“ (“Nurlarning manbai“), “Shirin va Xusrav“, “Majnun va Layli“, “Hasht behisht“ (“Sakkiz jannat“), “Oyinayi Iskandariy“ (“Iskandar oynasi“) dostonlarini yaratdi.

Xusrav Dehlaviy “Xamsa” dostonlarida oʻzining hayoti, kechmishi, orzu-umidlari va hislarini ham bayon etib ketadi. Xususan, “Majnun va Layli” dostonini yozayotgan paytda, 1299-yilda uning hayotida baxtsizlik roʻy beradi. Bu hodisani Dehlaviy dostonida afsus bilan tilga oladi:

Kimsol du nur zi axtaram raft,
Ham modaru ham barodaram raft.
Yak hafta zi baxti toftai man
Gum shud du mahi du haftai mann

(Bu yil mening ikki yulduzimning nuri soʻndi. Ham onam, ham inimdan ayrildim. Mening zabun baxtimdan ikki haftalik ikkita toʻlin oyim yoʻqoldi).

Ijodkor oʻz kelib chiqishi borasida faxr bilan: “Turkiyi Hindustonam, hindaviy goʻyam chu ob” (“Men Hindiston turkiylaridanman, ammo hind tilini suvday bilaman”), deb yozgan edi.

Xusrav Dehlaviyning koʻp sheʼrlari xalq orasida qoʻshiq boʻlib ketgan edi. Hindistonning buyuk jamoat arbobi Javoharlal Neru shoirning qoʻshiqlari haqida: “Uning qoʻshiqlarini hozir ham tez-tez kuylab turadilar. Men olti yuz yil ilgari yozilgan va shu kungacha hammabop boʻlib, xalqning mehr-muhabbatiga sazovor boʻlgan bundan boshqa qoʻshiqlarni bilmayman”, deb yozgan edi.

Alisher Navoiy Xusrav Dehlaviy ijodiga yuksak baho berib, uni “hind sehrgari” – “nazm oʻrmonining arsloni, dardu ishq otashgohining samandari va zavqu hol vodiysining pokiza yoʻlovchisi” deb ataydi. “Xamsa”ning barcha dostonlarida Xusrav Dehlaviy nomini Nizomiy bilan yonma-yon zikr etib, uni oʻziga xos soʻzlar, taʼrifu tavsiflar bilan yodga oladi. Masalan, “Hayratul-abror”da oʻqiymiz:

Hinduvi chobuq demakim, royi hind,
Kilki uchi mamlakat oroyi hind.
Nazmi savodi aro har doston,
Uylaki, bir kishvari Hinduston.

(Uni hind chavandozi atab boʻlmaydi, uni hind rojasi deb atash kerak. Uning qalami uchi hind mamlakatining koʻrkidir. Sheʼriyatidagi har bir doston Hindistonning bir viloyati – kishvariga tengdir).

“Farhod va Shirin”da esa, hazrat Navoiy Hindistonni mushki anbar hidlarini taratib turuvchi xushboʻy tunga, Dehlaviyni esa, ana shu tun bagʻrida sayrayotgan xushnavo bulbulga oʻxshatadilar:

Agar bulbul desang, Hinduston – tun,
Qaro zulmat dema, anbarfishon tun.
Bu andoq tun aro shabxez bulbul,
Shabiston ichra shoʻrangez bulbul.

Xusrav Dehlaviy toʻrtta sheʼriy devon tuzgan. Bu haqda Navoiy “Xazoyinul-maoniy” devonining debochasida toʻxtalib oʻtgan. Navoiyning gʻazalnavislik sohasida olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritishda Xusrav Dehlaviy tajribalarining ham ilhombaxsh taʼsiri boʻlgan. U qitʼalaridan birida Dehlaviyni gʻazal bobida eng buyuk ustozlari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy qatorida sanab oʻtadi:

Gʻazalda uch kishi tavridur ul navʼ,
Kim andin yaxshi yoʻq nazm ehtimoli...
Biri Muʼjiz bayonliq sohiri hind,
Ki ishq ahlini oʻrtar soʻzu holi.

Navoiyning “Devoni Foniy”sidagi qirqqa yaqin gʻazali ham Xusrav Dehlaviyga tatabbuʼ qilib yozilgan.

Navoiy Xusrav Dehlaviy haqida “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ham bir qator olim va shayxlar qatorida batafsil toʻxtalib oʻtadi:

“Laqabi Yaminuddindur. Otasi Lochin qabilasining ulugʻlaridin ermish. Balx navohisida hamonoki, oni Hindustonda mashhurdurki, turk derlar”.

Alisher Navoiyning yozishlaricha, Xusrav Dehlaviy Dehli sultoni Muborakshoh Xiljiy vafotidan keyin islom olamida dong taratgan hindistonlik mutafakkirlardan biri – Shayx Nizomuddin Avliyo xizmatiga kiradi. U bilan birga qirq yil muttasil roʻza tutadi, haj ziyoratini amalga oshiradi. Hatto Paygʻambarimiz (s.a.v.) bilan ham besh marotaba gʻoyibona koʻrishadi.

Navoiyning maʼlumotlariga koʻra, Xusrav Dehlaviy yoshlik chogʻida buyuk fors shoiri Shayx Saʼdiyning ham suhbatidan musharraf boʻlgan, keyin umri davomida oʻsha lahzalarni faxr bilan esga olib yurgan ekan.

Maʼlumotlarga koʻra, Xusrav Dehlaviy 1325-yilda Dehli shahrida vafot etadi. Navoiy eslatib oʻtganidek, shoir oʻz ustozi shayx Nizomiddin Avliyo qabri yonida dafn qilingan. Uning qabri joy olgan “Shayx Nizomuddin Avliyo ziyoratgohi” bugun Hindistonning eng gavjum va munavvar ziyoratgohlari qatoriga kiradi.

Rustam JABBOROV, tadqiqotchi.