9 fevral — buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavallud topgan kun.
Uning “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub” kabi asarlari hali ham o‘z qadr qimmatini yo‘qotmagan. Bu bebaho ijod asarlari asrlar davomida nafaqat o‘zbek xalqini, balki butun dunyo xalqlarini ma’rifat, ma’naviyat va ilm bilan boyitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Shundan kelib chiqib, qancha o‘qisak ham, Navoiy ijodini to‘liq o‘zlashtirish qiyin, ammo har bir sa’y-harakat uni chuqur anglash va qadrlashga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, Guliston shahridagi 8-umumta’lim maktabida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov davomida ishtirokchilar Navoiyning ijodi, faoliyati hamda bizga qoldirgan boy ma’naviy va ilmiy merosini keng yoritdilar.

Tanlovning asosiy maqsadi — buyuk shoirning bebaho merosini chuqur anglash, milliy o‘zligimizga va ma’naviy qadriyatlarimizga e’tiborni kuchaytirish hamda o‘quvchilarning bilim va iqtidorini yuzaga chiqarish, boyitishdan iborat.

Tanlovda viloyatning turli tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan 33 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, birinchi o‘rinni Mirzaobod tumanidagi 35-maktabning 10-sinf o‘quvchisi So‘g‘diyona Hazratqulova qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Sardoba tumanidagi 12-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Gulira’no Abdurasulova, uchinchi o‘rinni esa Sirdaryo tumanidagi 1-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Husnora Aliqulova egalladi.

G‘olib va sovrindorlar Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA