Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrat Navoiy yubileyiga bag‘ishlangan sharqshunoslar xalqaro anjumani
18:21 / 2021-02-04

5-6 fevral kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy dunyo sharqshunoslari nigohida” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

Konferensiya Turkiy tilli davlatlar kengashi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Anqara, Marmara, Anqara Hoji Bayram Vali, Alloma Tabotaboiy, Kobul universitetlari, Qozon federal universiteti, R.B.Suleymenov nomidagi sharqshunoslik instituti, shuningdek, Turkiya, Eron, Ozarbayjon va Afg‘onistonning O‘zbekistondagi diplomatik missiyalari hamkorligida tashkil etilmoqda.

O‘zbek xalqi, butun insoniyat ulug‘ mutafakkir, daho shoir va buyuk davlat arbobi Alisher Navoiy xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Ko‘plab mashhur shoir, olimlar uni ustoz bilishgan. O‘zbek tili va adabiyoti asoschisi ijodi orqali barchani do‘stlik, o‘zaro hajmihatlikka chorlagan. Navoiy dostonlarida slavyan, arab, arman, yunon va boshqa xalqlar hayotiga bag‘ishlangan misralar bisyor. Shoir har doim tinchlikni asrashga da’vat qilgan.

Haqiqiy xalq shoiri Alisher Navoiy asarlarida olijanob insonlar fazilatini ulug‘lagan. Burchga sadoqat, muhabbat, do‘stlik, vatanparvarlikni tarannum etgan. Mutafakkir adolatli davlatni, ozod odamlar o‘z mehnati orqali farovon kun kechirishini orzu qilgan.

Buyuk bobokalonimizning 580 yilligi nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham keng nishonlanmoqda. Quvonarlisi, bundan bir necha asr avval bo‘lganidek, insoniyat hamon uning o‘lmas asarlarini qiziqish va muhabbat bilan o‘qimoqda. Olim-u pedagoglar esa Navoiy ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

So‘nggi yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida navoiyshunoslikni ommalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 6 ta monografiya nashrga tayyorlandi: «Navoiyshunoslikka kirish», «Alisher Navoiyning «Xamsa» asarida ayrim ramzlar va obrazlar», «XXI asr. Alisher Navoiy lirik merosi matnshunoslik muammolari», «Hayrat-ul abror» dostonida inson siymosi va uning ma’naviy dunyosi», «Alisher Navoiy badiiy asarlarining XV-XVI asrlardagi qo‘lyozmalari», «Sharq mumtoz adabiyotida “Arba’in” yozish an’anasi (Jomiy, Navoiy va Fuzuliy asarlari misolida)».

Shuningdek, “Mahbub ul-qulub” asaridan saralab 18 tilga tarjima qilingan 30 hikmatdan iborat “Navoiy hikmatlari” to‘plami chop etildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan “Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi g‘azallarning o‘zbek va ingliz tillarida ilmiy izoh va sharhlarini yaratish” amaliy loyihasi doirasida “Alisher Navoiy. G‘aroyib us-sig‘ar (g‘azallar sharh va izohi)” nomli 10 tomlik monografiya nashr etildi.

Bundan tashqari «Muhokamat ul-lug‘atayn» asariga uslubiy ishlanma chop qilingan, shoir asarlari bo‘yicha kompyuter dasturi ishlab chiqilgan.

TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva raisligida o‘tadigan xalqaro anjumanda O‘zbekiston, AQSH, Fransiya, Shvetsiya, Vengriya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, Misr, Eron, Afg‘oniston kabi 15 mamlakatning 60 ta oliy o‘quv yurti va tashkiloti nomidan 130 nafar ma’ruzachi so‘zga chiqadi. Mazkur konferensiya sharqshunos, navoiyshunos olimlar oldida turgan dolzarb vazifalarni aniqlash, Alisher Navoiy asarlarini manbashunoslik va matnshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilish jarayonini chuqurlashtirish, adib asarlari poetikasi, tili va uslubi, Navoiyning adabiy merosi va Sharq sivilizatsiyasini taqqoslash, shoir asarlari g‘oyasi va Sharq falsafiy bilimlari rivojlanish bosqichlarini yanada chuqurroq o‘rganish, sharqshunos olimlarning yangi avlodini tarbiyalash va shakllantirish masalalarini muhokama qilish imkonini beradi.

Elyor Mahmudov,

TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori