Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrat Navoiy o‘zi qayta tiklagan masjid qurilishida ustalarga g‘isht uzatib turgan
07:52 / 2020-11-23

Vatanimiz tarixidagi 23 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1500 yil (bundan 520 yil oldin) – tarixchi G‘iyosiddin Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida qayd etilishicha, Alisher Navoiy boshchiligida Hirot jome’ masjidini qayta qurish ishlari nihoyasiga yetkazilgani munosabati bilan mehmondorchilik marosimi tashkil etildi. Mashoyixlar, sayyidlar, qozilar, olimlar, fozillar, amirlar, vazirlar, zodagonlar hamda saltanat poytaxti Hirotdagi saroy a’yonlari ushbu masjidda to‘planishdi va bu yerda katta bir yig‘in barpo bo‘ldi.

Turli-tuman taomlar va shirinliklar tortilib bo‘lgandan so‘ng Navoiy o‘z qo‘llari bilan ushbu masjid binosi kurilishida ishlagan ishchilar va ustalarning ustlariga kimmatbaho kiyimlar kiydirdi. Shundan so‘ng masjid binosini qurishda ishtirok etgan kishilarni taqdirlash va bu ish chog‘ida ularga yetkazilgan ayrim zahmatlar uchun kechirim so‘rash marosimi o‘tkazildi.

Xondamirnig yozishicha, Navoiy ushbu kurilishni tugallashga karatilgan sa’y-harakati va g‘ayratining zo‘rligidan qurilish vaqti har kuni shaxsan o‘zi shu yerga kelgan va aksar hollarda etagini qayirib boshqa ishchilar qatorida ishlagan. Bu yerdagi me’morlar va ustalardan tortib hunarmandlargacha bo‘lgan kishilarga kimmatbaho kiyimlar kiygizib, ularni rag‘batlantirib turgan.

Navoiy binoning poydevorlari va asoslari mustahkamlangach, uni pardozlash va bezash ishlariga ham alohida ahamiyat qaratgan. Hattoki Xavof viloyatidan marmartosh olib kelinib, masjid minbari marmardan yasalgan. Ushbu oliymaqom minbarni tarixchi Xondamir: “olamni bezaguvchi quyosh har tongda xatib kabi moviy osmon minbariga chikkanda uning boshqa o‘xshashi va tengini topolmaydi”, deb ta’rif etgan.

1842 yil (bundan 178 yil oldin) – Xiva xoni Olloqulixon og‘ir kasallikdan vafot etdi. U Chorjo‘yga yurish qilib qal’ani qamal qilgan paytda og‘ir kasalga duchor bo‘lib, orqaga qaytishga majbur bo‘lgan edi. Uni o‘zi hayot vaqtida tayyorlab qo‘ygan Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etishgan. U qariyb yarim asr yashab, o‘n yetti yil hukmronlik qildi.

Olloqulixon vafot etgach, hukmdor vafoti xalqqa e’lon qilinmasdan oldin uning valiahdi rasman xon ko‘tarilib, unga davlatni boshqarishdagi barcha vakolatlar topshirilgandan so‘nggina har ikkala hodisa bir vaqtning o‘zida e’lon qilingan. Bu holat xonlikda udumga aylangan edi. Buni quyidagi ma’lumot ham tasdiqlaydi.

“22 noyabrdan 23 noyabrga o‘tar kechasi, – deb yozadi o‘sha vaqtda Xivada bo‘lgan rus elchisi Danilevskiyning hamrohlaridan biri, – Olloqulixon janobi oliylari bu dunyodan u dunyoga safar qildilar. Ertasiga kechasi uning valiahdi taxtga o‘tirdi. Shunisi ajibki, Xivada xon urug‘larining taxtga merosxo‘rlik huquqi bo‘lishiga qaramay, shu bilan birga, xonning xalq tomonidan saylanish huquqi ham saqlangan. 

Mamlakatning oqsoqol va mo‘’tabar kishilari kechasi xon saroyiga to‘planishib, xon urug‘laridan birini xon qilib ko‘tardilar. Xon saylanadigan kishini yechintirib, boshdan oyoq yangi liboslar kiygizadilar, xonning koshonasiga olib kirib, kigizga o‘tirg‘izadilar va uch marta havoga irg‘itib “xon, xon, xon!” deb nido qiladilar. Taxtga o‘tqizish marosimi ana shundangina iborat”.

1933 yil(bundan 87 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mahmud Salohiddinov dunyoga keldi. U 1985–1988 yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, 1988–1994 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida ishlagan.

1993 yil(bundan 27 yil oldin) – Toshkentdagi Respublika O‘qituvchilar uyi qoshida O‘zbekiston Xalq ta’limi tarixi muzeyi ochildi.

2000 yil (bundan 20 yil oldin) – Toshkentda buyuk rassom Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

2012 yil(bundan 8 yil oldin) – tarixchi Bahrom Irzayevning qayd etishichi, Osiyo Dostonchilik san’ati Qo‘mitasi tomonidan Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida ertak, afsona va eposlar ssenariylarining Xalqaro tanlovi o‘tkazilib, tanlovning mutlaq g‘olibi Gran Pri diplomiga “Alpomish” kinossenariysi loyiq topildi (mualliflar – Mastura va Jasur Ishoqovlar). 

2015 yil(bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy mahorat sport maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2017 yil(bundan 3 yil oldin) – Koreya Respublikasi Prezidentining “Chong Va De” (“Moviy saroy”) qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje Inning tor doiradagi muzokarasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 

2017 yil(bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi