Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazrat Alisher Navoiyga ehtirom
13:25 / 2024-02-09

Andijonda buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan “Hazrat Navoiyga ehtirom” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirokidagi tadbir avvalida Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yilib, ulug‘ mutafakkir xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi. 

Jahon adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodini, uning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlarini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu aholi, ayniqsa, yoshlarda adabiyotga qiziqishni oshirishga, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi. 

[gallery-15879]

Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Xurshida Vahobjon qizi, adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar so‘z olib, o‘zbek tilining asoschisi, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, ijodiy merosining ahamiyati haqida gapirdi. Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qidi. 

Viloyat madaniyat boshqarmasi san’atkorlari tomonidan Navoiyning hayoti va faoliyati aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish qilinib, uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi. 

Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlari, ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tmoqda. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari