Andijonda buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan “Hazrat Navoiyga ehtirom” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirokidagi tadbir avvalida Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yilib, ulug‘ mutafakkir xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
[gallery-10514]
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Xurshida Vahobjon qizi, adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar so‘z olib, o‘zbek tilining asoschisi, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, ijodiy merosining ahamiyati haqida gapirdi. Iqtidorli yosh ijodkorlar tomonidan Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.
Jahon adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodini, uning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlarini o‘rganish, targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu aholi, ayniqsa, yoshlarda adabiyotga qiziqishni, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Viloyat madaniyat boshqarmasi san’atkorlari tomonidan Navoiyning hayoti va faoliyati aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlari, ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA