Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Turkiy Madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev ishtirokida Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, Madaniyat boshqarmasi hamkorligida, yuqori martabali mehmonlar, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar ishtirok etgan tadbirda Navoiyning ibratli hayoti, faoliyati, boy ijodiy merosi xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda jahon adabiyoti taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ alloma, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, uning bebaho adabiy merosini chuqur o‘rganish hamda insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlarini keng targ‘ib etish yurtimizda ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, alloma tavallud ayyomi munosabati bilan har yili mamlakatimiz bo‘ylab adabiy-ma’rifiy kechalar va ma’naviy tadbirlar o‘tkazilib, Navoiy siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangani qayd etildi.
Qutlug‘ sana munosabati bilan Andijonda o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Turkiy Madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon davlat universiteti professori Abdulhay Sobirov so‘z olib, o‘zbek tilining asoschisi, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, ijodiy merosining ahamiyati haqida gapirdi.
Navoiy bobomizning nafaqat adabiyot, balki milliy madaniyatimiz, musiqa va san’atimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, shuningdek, uning asarlarida aks etgan milliy qadriyatlar, insonparvarlik, axloqiy va tarbiyaviy tamoyillar, go‘zal va betakror g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-27549]
Ijodkorlar, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qidi.
Z.M.Bobur nomli viloyat drama teatri, viloyat madaniyat boshqarmasi qoshidagi maqomchilar ansambli san’atkor va xonandalari tomonidan Navoiyning siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi, uning g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.
Hazrat Alisher Navoiy xotirasiga ehtirom ko‘rsatilayotgan bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlari, ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari