O‘zbekistonda ota-onalarning farzandlari oldidagi mas’uliyati nafaqat huquqiy, balki axloqiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Bunga yaqqol misol sifatida Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yuz bergan holatni keltirish mumkin.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Hazorasp tumani bo‘limi xabar berishicha, tumanda yashovchi fuqaro A.A. farzandining moddiy ta’minoti uchun 2014 yil 3 dekabrda Bog‘ot tumanlararo sudi tomonidan chiqarilgan qarorga asosan har oylik daromadining to‘rtdan bir qismini aliment sifatida to‘lab kelayotgan edi.
–Sud qarori chiqqanidan boshlab qarzdor A.A. aliment to‘lovlarini muntazam ravishda, o‘z vaqtida amalga oshirib kelgan, – deydi davlat ijrochisi Alpomish Yusupov. –Biroq u menga bog‘lanib, farzandi voyaga yetgunga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha aliment to‘lovlarini bir yo‘la to‘lash istagini bildirdi. Uning sobiq turmush o‘rtog‘i va farzandiga ham bu ma’qul bo‘ldi. Shu asosda A.A. farzandi uchun umumiy hisobda 150 million so‘m miqdoridagi alimentni oldindan to‘lab berdi. Bu harakati tufayli ijro ishi o‘z vaqtida va to‘liq tugatildi.
Bu holat ota-onalarning farzandlari oldidagi burchi va mas’uliyatini chin dildan his etishining namunasi bo‘lib, jamiyatda oilaviy qadriyatlarning mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari