Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hazorasp tumanida yangi ichimlik suvi tarmoqlari barpo etilmoqda
14:51 / 2025-11-24

Xorazm viloyatida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, xususan, ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Hazorasp tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari alohida ahamiyatga ega.

Joriy yilda tumanda bir qator mahallalar uchun yangi ichimlik suvi tarmoqlari barpo etilmoqda. Xususan, OPYeK jamg‘armasining 14 milliard 803 million so‘m mablag‘i hisobidan Shoduxurram, Kamolot, Bo‘ston, Bog‘o‘rog‘lar, Muxomon, Navro‘z va Buyuk siymo mahallalarida bir necha kilometr masofada ichimlik suvi tarmoqlari qurilmoqda. Hozirgacha loyiha ijrochisi tomonidan belgilangan ishlarning 55 foizi yakunlandi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil mart oyidagi “Xorazm viloyati Hazorasp tumanini jadal rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi bayoniga muvofiq tuman markazida oqova suv tizimi ham bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Umumiy uzunligi 25,7 kilometrni tashkil etuvchi oqova suv tarmog‘i va 6 ta oqova suv haydash inshootini o‘z ichiga olgan ushbu yirik infratuzilma ob’ekti “Bunyodkor Mubosher” MCHJ tomonidan qurilmoqda. Hozir ishlarning 65 foizi bajarilgan.

– Tumanning ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi yana bir loyiha  “Yangi O‘zbekiston” massivi infratuzilmasini barpo etish ishlaridir, – deydi “Xorazm suv ta’minoti” AJ bo‘lim boshlig‘i Alisher Rahmonov. – Ziyolilar mahallasidan joy olgan mazkur massivda ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Loyiha doirasida 13 kilometr suv tarmoqlari, 1 ta oqova suv haydash inshooti va kuniga 2 ming kub metr oqova suvni zararsiz holatga keltirish quvvatiga ega tozalash inshooti barpo etilyapti. Bu inshootning kelgusi yili to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Xorazm viloyatida suv ta’minoti tizimini takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu ishlar aholi turmush sifati va ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.

Nilufar Bozorova, O‘zA