Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayvonot olamiga mehr-shafqatli bo‘lish – dinimiz talabi!
18:28 / 2021-04-05

Alloh Taolo Yer yuzini insoniyatning hayot kechirishi uchun munosib manzil-makon qildi. Zero, atrof-muhitdagi barcha narsalar inson manfaati uchun yaratilgan.

Qur’oni karimda bu haqda bunday deyilgan: “U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi...” (Baqara surasi, 29-oyat).

O‘z navbatida, har bir inson tabiatga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab-avaylashi lozim. Alloh Taolo Kalomullohda Yer yuzidagi barcha narsalarga, xususan, hayvonot va nabotot dunyosiga ham qanday munosabatda bo‘lish lozimligini batafsil bayon qilgan.

Ko‘pgina oyatlar musulmonlarga Parvardigori olamning hayvonot olamini yaratish maqsadini tushuntirib beradi. Ularni hayvonot va nabotot dunyosini muhofaza qilishga va o‘rganishga da’vat qiladi. Qur’oni karim hayvonot va nabotot dunyosidan inson qanday foyda olishi mumkinligini, jonzotlarni qay tarzda tarbiya qilish kerakligini uqtiradi; arzimas tuyulgan, oddiy jonivorlarda uchraydigan ilohiy qudratni ko‘rish va undan ibrat olishga chaqiradi.

Islom dinimizning eng birinchi manbasi – Qur’oni karimning bir necha suralari hayvon-xasharot va o‘simliklar nomlari bilan atalgan hamda ko‘plab oyati karimalarda ham ular alohida zikr etilgan. Ushbu suralar nomlarini tarjima qiladigan bo‘lsak, «sigir», «chorva hayvonlari», «asalari», «chumoli», «o‘rgimchak», «anjir», «chopuvchi otlar», «fil» degan ma’nolar kelib chiqadi.

Alloh Taoloning Kitobida barcha jonzotlar insonlar kabi «ummat» ekanligi ta’kidlanadi. Aynan shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonlilarga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Bu xususda Mehribon Parvardigori olam O‘zining Kitobida shunday marhamat qiladi: "Yer yuzidagi har bir yuruvchi jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir" (An’om surasi 38-oyat).

Agar hayvonlarning har bir turi yoki oilalari alohida «ummat» hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashash haqqiga ega bo‘ladilar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi shariflarida Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Bir chumoli nabiylardan birini chaqib oldi. Bas, u chumolilar qishlog‘i haqida amr qildi. U kuydirib yuborildi. Shunda Alloh Taolo u nabiyga vahiy qilib: «Seni bir chumoli chaqqani uchun tasbeh aytib turgan ummatlardan bir ummatni halok qildingmi?!» dedi”, – dedilar.

Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida «Hayvonlar nega yaratildi?» degan savolga javob bor. Masalan:

"Albatta, siz uchun chorva hayvonlarida ibrat bordir. Sizni ularning qorinlaridagi narsa ila sug‘orurmiz va siz uchun ularda ko‘pgina manfaatlar bor va ulardan yersizlar. Va ularga va kemalarga yuklanursiz"(Mo‘minun surasi 21–22 oyatlar).

Keltirilgan oyatlarda «yeyish-ichish», «isinish», «yuklarni tashish» kabi hayvonlardan olinadigan foydalar va kishilarning jonivorlar «chiroyidan rohatlanishi» haqida so‘z ketadi.

Darhaqiqat, Alloh Taolo hayvonlarni insonlarga foyda keltiradigan ne’matlar qilib yaratdi. Shu boisdan bandalar bu ne’matlar uchun Parvardigorlariga shukr qilib, o‘zlariga zarur bo‘lgan hayvonot va nabotot olamiga ehtiyotkorona yondashishlari, ularni qo‘riqlashlari va saqlashlari lozim.

Shukr qilish esa ikki yo‘l bilan bo‘ladi. Birinchisi – bunday ne’matlarni ato etgan Yaratganga hamdu sano aytish bo‘lsa, ikkinchisi – U Zot bergan ne’matlardan foydalanishda Uning ko‘rsatmalari bo‘yicha ish yuritishdir.

Islomda hayvonot va nabotot olamiga hech qanday zarar yetkazish mumkin emasligi qattiq ta’kidlanadi. Imom Muslim Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda aytilishicha, Nabiy alayhissalom oldilaridan yuziga tamg‘a bosilgan eshak olib o‘tildi. Shunda U Zot: «Mening hayvonlar yuziga tamg‘a bosgan va ularning yuziga urganlarni la’natlaganim sizlarga yetmagan edimi?!» – dedilar.

Boshqa bir hadisi sharifda uning roviysi Abdulloh raziyallohu anhu shunday deydilar: «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan birga safarda edik. Men o‘z hojatimga borib, bir chumchuqni ikki bolasi bilan ko‘rdim va uning bolalarini oldim. Shunda chumchuq kelib, girdikapalak bo‘lib ucha boshladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yetib keldilar-da: «Buni kim bolasi tufayli fojeaga uchratdi? Unga bolasini qaytarib beringlar!», – dedilar».

Ko‘rinib turibdiki, Islom hayvonlarning barchasiga alohida mehribonlik bilan yondashadi va insonlarni shunga chaqiradi. Dinimiz jonzotlarni maqsadsiz o‘ldirishlikni katta gunoh hisoblab, qat’iyan man qiladi. Chunki Alloh Taboraka va Taolo hayvonlarni insonlar foydasi uchun yaratgan. Parvardigorimiz yaratgan jonivorlarni behuda o‘ldirish – gunohdir! Xudoi Taoloning bandalariga bergan ne’matlariga nisbatan nonko‘rlik va noshukrlikdir!

Imom Nasaiy Ash-Shurayda raziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Men Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning «Kimki chumchuqni sababsiz o‘ldirsa, Qiyomat kuni Allohga: «Ey Parvardigorim, falonchi meni manfaat uchun emas, o‘ynab o‘ldirdi», – deb shikoyat qiladi» deganlarini eshitdim», deyilgan.

Islomdagi hayvonlarga mehribonlik va yaxshi munosabat faqat ulardan insonlarga yetadigan manfaat bilan bog‘liq emas... Balki musulmonlar barcha hayvonot va nabotot olamiga, hatto inson ulardan bu dunyoda hech qanday manfaat ko‘rmasa ham, yaxshi munosabatda bo‘lishga, mehr-muruvvatli bo‘lishga buyurilgan.

Mehribon Parvardigorimiz bizlarni insonlar uchun yaratgan maxluqotlariga go‘zal odob-axloq ila mehr bilan muomala qilishga muyassar etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari