Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayvonot dunyosini asrash burchimiz
16:00 / 2020-12-11

O‘zbekiston tabiatining biologik va landshaft xilma-xilligi milliy boyligimizning ajralmas qismidir. Konstitutsiyamizning 55-moddasida "Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”, deyilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi qarori hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasini tartibga solishga qaratilgan.  

Afsuski, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shakllanganiga qaramasdan mamlakatimizda hayvonot dunyosidan xo‘jasizlarcha, noqonuniy, maqsadsiz foydalanish, jonivorlarga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi. Misol tariqasida fuqarolar A.J., U.Ch. va J.J 2018 yil 11 iyun kuni Sherobod tumani Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududidagi davlat muhofazasiga olingan “Oltiko‘llik” darasiga ovga chiqishgan. Bu guruh darada O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga, shuningdek, Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoq Qizil kitobiga kiritilgan, yer yuzidan butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi morxo‘r (burama shoxli tog‘ echikisi)ni ovlagan. Ovchilar uch morxo‘rni o‘ldirib, so‘yishgan va boshi, to‘rt oyog‘i va go‘shtini safar xaltasiga joylashgan. Natijada qo‘riqxonaga oz emas, ko‘p emas - 310 million 32 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Hozirgi kunda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ekologik partiya va jamoatchilikning hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangan. Ushbu loyihada, jumladan, quyidagi muhim jihatlar belgilangan:

a) moratoriy 2020 yil 1 martdan 2023 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi;

b) moratoriy davrida mas’uliyatli tashkilotlar tomonidan hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnomalar berish taqiqlanadi;

v) moratoriy fan va tibbiyot maqsadida hayvonlarni ovlash uchun ruxsatnoma berishga amal qilmaydi.

Mazkur qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadigan bo‘lsa, mamlakatimizdagi hayvonot dunyosi barqarorligi, yovvoyi hayvonlarning genetik fondi saqlab qolingan bo‘lar edi.  

Hayvonlarga ov qilish uchun ruxsatnoma berishga moratoriy e’lon qilish amaliyoti xorijda ham keng qo‘llaniladi. Masalan, qo‘shni Qirg‘iz Respublikasida ayrim hayvonlarni ovlashga 10 yil moratoriy e’lon qilinishi arafasida turibdi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi hamda tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari jirafa, fil va karkidon ovlashga moratoriy e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi. Yaponiyada ham 1986 yil kit bilan ov qilishga 30 yil moratoriy e’lon qilingan edi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, boshqa mamlakatlarda ham hayvonot dunyosini muhofaza qilishga jiddiy etibor berib kelinmoqda.

Taklif qilingan qaror loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda ekologik qonunchilikni takomillashtirish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolish va ko‘paytirishdan iborat.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyihaning hayotga tatbiq etilishi respublikamizdagi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini saqlab qolish hamda ko‘paytirishga xizmat qiladi.

 

Rustam KENJAEV,

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi