Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 1,7 mln bosh yirik shoxli, 5,1 mln bosh mayda shoxli mollar, 7,0 mln bosh parranda va 40.0 ming boshga yaqin boshqa tur hayvonlar parvarishlanib kelinmoqda..
Ushbu chorva mollarining 90 foizdan ortig‘i aholi va 10 foizga yaqini chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.
Viloyatda veterinariya osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan hayvonlar kasalliklariga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazish uchun 151 ta ishchi guruh (otryad) tuzilib, unga 650 nafar rahbar va xodimlar biriktirilgan hamda ularning faolyatini muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etilgan. O‘tkaziladigan profilaktik tadbirlarni “Mahallabay” va “Xonadonbay” usul asosida amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat hududiga qo‘shni respublikalardan hayvonlar kasalliklarini kirib kelishi va tarqalish xavfining oldini olish maqsadida qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh G‘uzor (chegara 39,8 km), Dehqonobod (80,4 km), Mirishkor (108,5 km), Nishon (63 km) tumanlarida hamda Tojikiston bilan chegaradosh Kitob (28,8 km) va Shahrisabz (28,9 km) tumanlarida 30 kmlik ichki radiusda bufer himoya zonalar tashkil etilgan.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida chorva mollarining 5,1 mln boshi kuydirgi, oqsil, nodulyar dermatit, qorason, brutsellyoz va boshqa tur kasalliklarga qarshi profilaktik emlash va diagnostik tekshirish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, chorva mollari saqlanadigan 120,0 mingta bino va inshootlarda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari o‘tkazilgan.
Shuningdek, aholi va hayvon egalari uchun hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklarini kelib chiqishini oldini olish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali kuydirgi, quturish, quturish hamda boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali 58 marta radio va televideniya orqali, 38 marta matbuot xizmati orqali chiqish va maqolalar chop etildi 119 dona eslatma aholi xonadonlariga 375,1 ming dona xonadon daftarlari tarqatildi va chorvachilik fermer xo‘jaliklariga 1,9 ming dona eslatmalar tarqatilgan.
Har oyda viloyatning barcha hududlaridan emlangan hayvonlardan tegishli namunalar olinib, hayvonlarning immunitet faolligi aniqlab borilmoqda.
Bugungi kunda viloyat hududida hayvonlarning yuqumli kasalliklari bo‘yicha veterinariya osoyishtaligi ta’minlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumanning tog‘li hududda aholi qoramollari o‘rtasida “maymun chechagi” kasalligi aniqlandi videosi tarqaldi.
Ushbu holat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda, hayvonlarda mazkur kasallikka xos belgilar mavjud emasligi, shu bilan birga hayvon egasining ushbu kasallik bo‘yicha to‘liq tushunchaga ega bo‘lmagan holda ma’lumot berganligi aniqlangan.
Ma’lumot tariqasida, ijtimoiy tarmoqlarda nomi qayd etilgan “maymun chechagi” kasalligi O‘zbekiston Respublikasi hududida birorta holatda qayd etilmagan, shuningdek, dunyo mamlakatlarida ham ushbu kasallik bilan qishloq xo‘jalik hayvonlarining kasallanish holatlari uchramagan, ya’ni hayvonlar ushbu kasallik bilan kasallanmaydi.
O‘zA