English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayrat va sog‘inchga yo‘g‘rilgan yuraklar
15:49 / 2026-02-12

Sayohat manzillari

Samarqand “Yer yuzining sayqali” deb e’tirof etilgan, insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan qadimiy va navqiron shahardir. Bu zamin tarix sahifalarida zarhal harflar bilan qolgan, o‘zining betakror me’morchilik yodgorliklari, qadimiy tarixi va madaniy merosi bilan dunyoga mashhur.

Samarqand ming yillik tarixga ega bo‘lib, Buyuk ipak yo‘lining eng muhim manzillaridan biri hisoblanadi. Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda va Bibixonim masjidi kabi nodir obidalar sayyohlarni hamisha o‘ziga ohanrabodek maftun etib keladi. Har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar tashrif buyurib, o‘zlari uchun yangi olam, yangi dunyo kashf etadi.  

Dam olish kunlari o‘zining betakror go‘zalligi bilan olam ahlini hayratga solib kelayotgan Samarqand tomon yo‘lga tushdik. Qishning izg‘irinli kunlari u qadar sezilmadi. Quyoshli kunlar ostida ziyorat qilish esa yanada zavqli bo‘ldi. Gohida xizmat yuzasidan, yana bir safar oilaviy ziyorat uchun Samarqand shahrida ko‘p bo‘lganman. Yo‘lda do‘stlar bilan suhbatlashib borar ekanmiz, bir do‘stim ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lganidanmi yoki hafsalasizlik qilibmi, viloyatlarga qirq besh yillar chamasi yo‘li tushmaganini aytib qoldi.

Maktabni bitirish arafasida –1979-yili sinfdoshlar va o‘qituvchilar bilan birga Samarqand ziyoratida bo‘lgan ekan. Unga “Do‘stim hayotdan ortda qolibsan-ku, hozir yarim yil bo‘lmagan joyingda shu qadar o‘zgarishlar bo‘lyapti-ki, qayta kelsang taniyolmaysan”, dedim. “Unda Samarqand sen uchun haqiqiy mo‘’jiza bo‘larkan”, deb qo‘shib qo‘ydim.

Tong saharda qo‘zg‘algan avtobus peshinga yaqin shaharga yetib bordi. Avtovokzalda bizni Safarmurod ismli do‘stimiz kutib oldi. Mehmonxonaga joylashib, biroz hordiq olgach, ziyoratni boshladik. Tungi Samarqandni ko‘rgan do‘stimiz o‘z his-hayajonini yashira olmadi. Registon maydonida ziyorat qilib yurgan turli millat vakillari hamda xorijlik sayyohlarning sanog‘i yo‘q.  

– Vaqtning o‘tishini qara. do‘stim. U paytlar bu joylar shunaqa bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Hozir yodimga ham kelmayapti, haqiqiy mo‘’jizaning o‘zginasi, – deydi.      

Mehmonxonaga kirib dam olishni chetga surdik. Bizni chorlagan mezbonlar hamrohligida soat tungi o‘n ikkiga yaqinlashib qolganini ham sezmay qolibmiz. Tongda yana ziyoratga oshiqdik. Har bir borgan manzilimiz u yerdagi tarixga guvoh bo‘luvchi obidalar, avliyolar haqida ko‘plab yangiliklarga ega bo‘ldik.

Samarqandda juda ko‘p tarixiy maskanlar bo‘lib, ular orasida Xoja Doniyor maqbarasi haqida biroz to‘xtalgim keldi. Bu me’moriy yodgorlik, Afrosiyob qo‘rg‘onining kunchiqar tomonida, Siyob daryosi yoqasida qurilgan. Bu maskanga dunyoning turli hududlaridan musulmon, xristian, yahudiy sayyohlar doimiy kelib ketadi. Muqaddas Xoja Doniyor maqbarasi bir vaqtning o‘zida uchta jahon dinida– yahudiylikda, islomda va nasroniylikda hurmatga sazovor bo‘lgan avliyoning dafn etilgan joyidir.

Rivoyatlarga ko‘ra, Avliyo zot Doniyor Bobil askarlariga asirlikka tushib qoladi. Uni Quddusdan Bobilga olib ketadilar. Podsho Navixudonasorning saroyiga tush ta’birchi bo‘lib xizmatda bo‘ladi. Keyinchalik taxtni forslar podshosi Doro egallaydi va Xo‘ja Doniyorni bosh vazir qilishni o‘ylab qoladi. Podshohning bu niyatini boshqa vazirlar eshitib, Doniyorni yo‘q qilish payida reja tuzadilar. Xoja Doniyorga tuhmat uyushtirib, uni kishanlab podshohning huzuriga olib kirishadi. Doniyor payg‘ambar sherlar qafasiga tashlanadi. Podshoh kechasi bilan uxlolmay, erta tongda  boshqa vazirlarni ham ushlab, mening eng yaxshi ko‘rgan vazirim o‘ldi, endi senlarga ham omonlik yo‘q, deb, ularni sherlarga yem qilish uchun o‘sha chuqurga olib keladi. Sherlar yotgan chuqurni ochib qarashsa, Doniyor payg‘ambar hayvonlar bilan suhbatlashib o‘tiribdi. U omon chiqib, yana uzoq yillar odamlarni yakka xudoga sig‘inishga da’vat qilib, turli qarashlardan qaytarib yashaydi.

Dunyo bo‘yicha Doniyor payg‘ambarning beshta qabri bor. Eng uzuni Samarqanddagi hisoblanadi. Afsonaga ko‘ra qabr o‘sib borgan va yoki payg‘ambar xoki aynan qayerda ekanini bildirmaslik uchun uzun qilib qurishgan. Boshqa mulohazalarga qaraganda dunyoda o‘sadigan qabrlar bor va Doniyor payg‘ambarning qabri shu qabrlar sirasiga kiradi.  

Maqbara yonida 600 yillik pista daraxti bor. Ziyoratgohda tuproq devorlar orasida g‘aroyib yog‘och eshik bo‘lib, u chillaxona eshigidir. Bu yerga kirib, zikr bilan band bo‘lishgan.  

Do‘stlar bilan Samarqand zaminidan joy olgan ko‘plab avliyolar qo‘nim topgan manzillarni ziyorat qildik, go‘zal suhbatlar qurdik. Suhbatlar va ziyoratlar chog‘ida ruhiyat tetiklashdi. Avliyolarning go‘yo nafasi har qadamda, har qarashda biz bilan birga bo‘layotgandek hisni tuydik.

Samarqand ziyorati bir yoki ikki kunlik emasligini ichimizdan tuygan bo‘lsak-da, zamonaviy hamda boqiy shaharlarga qayta borishni niyat qilib poytaxtga qaytdik.  

Asror Sulaymonov, O‘zA