Zulfiyaxonim izdoshlari
Prezidentimiz tashabbusi bilan Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi bugun o‘z mevalarini berishni boshladi. Mazkur maktabning 11-sinf o‘quvchisi Nilufar Ergasheva Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bunday rag‘bat yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi ezgu ishlarning ifodasi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Bolalikdagi orzularning ro‘yobi ko‘proq insonning harakatiga bog‘liq. Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan Nilufar doimo izlanishda bo‘lib, ijod va ilmga havas bilan ulg‘aydi. Uning ona, vatan, borliq haqida yozgan she’rlari barchani o‘ziga ohangrobodek tortardi. Shu bois maktab, tuman miqyosidagi tadbirlarda albatta, faol qatnashardi. Ilk qaldirg‘ochlardan biri sifatida 2018 yilda Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga qabul qilindi.
U mazkur ma’rifat maskaniga qadam qo‘yganida katta maqsadlarni diliga tugdi. Axir Erkin Vohidovlardek buyuklarga munosib izdosh bo‘lish har kimga ham nasib etavermaydi. Nilufar adabiyot, she’riyatning sirlarini qunt bilan o‘rgana boshladi. O‘qishning dastlabki yillaridayoq respublika miqyosidagi “Erkin Vohidov stipendiyasi” sovrindori bo‘ldi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni egalladi. “Abdulla Oripov asarlari bilimdoni” respublika radio tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u 2021 yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi va Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi tomonidan o‘tkazilgan “Mitti yulduz jilolari" tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi.
Nilufar bo‘sh vaqt topdi deguncha kitob mutolaa qilishni odatga aylantirgan. “Yosh kitobxon” respublika tanlovining hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lib, o‘z iqtidorini namoyish etdi. Yosh ijodkorning she’r va maqolalari viloyat va respublika ommaviy axborot vositalarida muntazam chop etilmoqda. Eng sara ijod namunalari “G‘uncha ifori”, “Qo‘shtepa ilhomlari”, “Siz bilgan, bilmagan Anvar Obidjon”, “Ijod guldastasi” hamda “Bunda bulbul kitob o‘qiydi” she’riy to‘plamlarida nashr qilingan. O‘tgan yil yosh shoiraning “Yashil so‘z” nomli kitobi chop etildi. Shu bilan birga Nilufar Ergasheva jamoat ishlarida faolligi, tashabbuskorligi va tashkilotchiligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan festivallar va madaniy-ma’rifiy tadbirlarda o‘z dasturlari bilan faol qatnashib kelmoqda.
– So‘zning qudratini hech narsa bilan ta’riflab bo‘lmaydi, – deydi Nilufar. – Ayniqsa, she’riy misralarda u qalblarni hayratga soladi. She’riyat – bu hayrat. Erkin Vohidov ijod maktabida o‘qiyotganimning o‘zi menga katta mas’uliyat yuklaydi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti esa hayotimda muhim voqea bo‘ldi. Endi ularga munosib bo‘lish uchun ham harakat qilish kerak.
M.Sulaymonov,
O‘zA