Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayotni yengil ko‘rsatuvchi emas, balki mazmunli yashashga undovchi kontentlar ko‘payishiga barchamiz mas’ulmiz
10:26 / 2025-11-22

Yoshlar bilan ochiq muloqot

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 iyun kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida iyul-dekabr oylarida sohalar kesimida yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Har bir uchrashuvda mas’ul rahbarlar yoshlar bilan bevosita muloqot qilib, ularning taklif, g‘oya va muammolarini tinglaydi. Eng muhimi, bu fikrlar asosida amaliy yordam ko‘rsatish choralari belgilab boriladi.

Ilk uchrashuv 24 iyul kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida yosh tadbirkorlar va xodimlarining asosiy qismini yoshlar tashkil etuvchi tashkilotlar mas’ul rahbarlari bilan o‘tkazilgan edi.

Navbatdagi ochiq muloqot esa kecha poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida yosh kontent yaratuvchilar, jurnalist va blogerlar bilan tashkil etildi.

Yoshlar tarbiyasida ijtimoiy tarmoqlar ta’siri va ijobiy kontentni qo‘llab-quvvatlash zarurati haqida so‘z yuritildi. 

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot almashish maydoni, balki yoshlarning dunyoqarashi, hayotga munosabati va kelajak rejalari shakllanadigan asosiy makonlardan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev kirish so‘zida bu jarayonning ijobiy va salbiy jihatlariga alohida to‘xtalib, shunday dedi:

– Biz bir haqiqatni tan olishimiz kerak: faqat ko‘ngilxushlik uchun yaratilgan, ma’no va maqsaddan xoli kontentlar ko‘plab yoshlarning tarbiyasi, hayotga qarashi va intilishlarida bo‘shliqni yuzaga keltirmoqda. Vaqtni samarasiz o‘tkazish, hayotga yengil-yelpi munosabat zamirida yoshlar kelajagi, uning ichki dunyosi va qadriyatlari yotganini unutmasligimiz zarur, – dedi agentlik rahbari.

[gallery-26369]

Ijtimoiy tarmoqlarni faqat salbiy hodisa sifatida baholash biryoqlamalik bo‘lishi ham qayd etildi. 

Shu bilan birga, yoshlar orasida yuksak madaniyat, ma’rifat va mas’uliyat bilan kontent yaratib, ijobiy g‘oyalarni targ‘ib qilayotgan blogerlar va onlayn loyihalar faoliyat yuritmoqda.

Masalan, “Bek va Lola” multfilmi YouTube platformasida atigi bir yarim yil ichida qariyb 148 million marta ko‘rilgan. Shuningdek, “Milliy karaoke” (80 milliondan ortiq), “Ibrat farzandlari” (73 million), “Ustoz AI” (6 milliondan ortiq), “Mutolaa” (3,3 million), “Yashil makon” (3,5 million) kabi loyihalar yoshlar uchun bilim, tarbiya va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan foydali kontentlar yaratmoqda.

Bundan tashqari, Chumoli, O‘rikguli, Piyodachi, Millat umidi, Jamshid Ziyoxonov, Zokirovlar oilasi, Isom TV, Texnoplov kabi kontent yaratuvchilar ham o‘z auditoriyasiga ijobiy g‘oyalar, halol mehnat, kasb-hunar, oila qadri va ma’naviy tarbiyani targ‘ib etib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy oqim mavjudligini va uni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatadi.

Ochiq muloqotda bugun yoshlarning ongiga ta’sir qiluvchi kontentlar orasida kuchli raqobat ketayotgani ham aytildi. Kimning ovozi balandroq, kimning sahnasi shov-shuvliroq bo‘lsa, ko‘proq tomoshabin to‘playapti. Shunday sharoitda ijobiy o‘rnak bo‘ladigan, bilim beradigan, kasbga yo‘naltiradigan, axloqiy qadriyatlarni mustahkamlaydigan bloger va loyihalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash nihoyatda muhim.

Agentlik ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy axborot oqimini kuchaytirish, yoshlar uchun foydali kontentlar ulushini oshirish maqsadida ma’rifiy va tarbiyaviy loyihalarni targ‘ib qilayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, ijobiy namuna bo‘layotgan blogerlar bilan hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilishda yoshlarga ham so‘z berildi. Respublikada o‘z mehnati, ilmi, ijtimoiy faolligi bilan tanilib borayotgan yoshlar media sohasidagi ishlarga o‘z munosabatini bildirdi.

B.XUDOYBERDIEV,

O.PARDAEV (surat),

O‘zA