Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hayotimni qaytadan boshlayman”
17:45 / 2021-05-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 100 nafar fuqaro afv etildi. Ular orasida Urganch shahrida yashovchi Murod Boltayev ham bor.

Yaqinlar diydori, Onaizorning quvonch yoshlari...  

Bu jarayonlar har qanday insonning qalbini to‘lqinlantirib yuboradi.  

Urganchlik Murod Boltayev 5 yildirki yaqinlaridan, farzandlaridan yiroqda edi. O‘ylamay bosilgan xato qadami uni ayriliq azobiga duchor qilib, qolaversa, ozodligidan ham mahrum etdi.  

Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, unga ozodlik nashidasini surmoq baxti nasib etdi. Uch yil muddatidan oldin oilasi bag‘riga qaytish imkoniyati berilganidan bugun uning ko‘zi quvonchga, qalbi shukronalik hissiga to‘lgan.

– Besh yil oldin irodasizligim oqibatida jinoyatga qo‘l urdim va buning badalini umrimning besh yili bilan to‘ladim, – deydi sobiq mahkum Murod Boltayev. – Qamoqxona panjaralari ortida hayotimni sarhisob qildim. Chindan ham xato yo‘ldan ketayotganimni angladim va bundan juda qattiq pushaymon bo‘ldim. 

Kechalari yaratganga iltijolar qildim. Eng muhimi qalbimni va shuurimni pokladim. Iltijolarim qabul bo‘lib, kechirildim. Buning mas’uliyati juda katta va men endi vatanim, davlatim, oilam va Prezidentim oldida o‘z burchimni to‘liq ado etaman. Mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan farzand bo‘laman. Hayotimni qaytadan boshlayman.

Murod singari qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tganlarga berilgan imkoniyat va g‘amxo‘rlik muborak ayyom kunlarida ushbu oilalarga qo‘shaloq bayram tuhfasi bo‘ldi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA