English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hayotimni kombinatsiz tasavvur qilolmayman”
12:45 / 2024-01-19

Oramizdagi zamondoshlarimiz

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi mehnati doimo davlatimiz e’tiborida va hamisha o‘z rag‘batini topib kelayapti. 2023 yil noyabr oyida kombinatning 65 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, 20 nafar hamkasbimizning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani buning isboti. Ular orasida Janubiy kon boshqarmasi 4-gidrometallurgiya zavodi direktori Asqar Zokirovning ham borligi, “Shuhrat” medali bilan mukofotlangani uning hayotida unutilmas voqea bo‘ldi.  

Asqar aka haqida hamkasblarimizdan ko‘p eshitganman. Uni yosh, harakatchan, kelajagi bor mutaxassis, deyishadi. Aslida ham shunday. Chunki 28 yoshida 4-gidrometallurgiya zavodiga bosh muhandis, 31 yoshida korxona rahbarligiga tayinlanishi ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar hayotida kamdan-kam ro‘y beradigan hodisa. Qolaversa, unga bildirilgan ishonchdir. Zero, katta zavodni, jamoani boshqarish oson emas. Faqat qobiliyatli va tashabbuskor kishilargina bunga qodir bo‘ladi. Asqar Zokirovda shunday iqtidor borligini sezib, rahbariyat uni mas’uliyatli lavozimga tayinlaganligi yosh kadrlarga e’tibordan nishonadir.  

Asqar Zokirovning hayot yo‘li tengdoshlarinikidan keskin farq qilmaydi. U Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan kelib, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida o‘z o‘rnini topib borayotgan mutaxassis.  

Uning otasi Ahmedjon aka ham Janubiy kon boshqarmasining qurilish-ta’mirlash sexida qorovul bo‘lib ishlab, korxona rivojiga kamtarona mehnati singgan, izzat-ikrom bilan nafaqaga chiqqan hamkasblarimizdan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Asqar aka konchilik ishiga havas qilib, shu kasbni tanlashga qaror qildi. 2009 yilda Navoiy davlat konchilik instituti (hozirgi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti)ni konchilik elektr mexanikasi yo‘nalishi bo‘yicha tamomladi. Ish faoliyatini “Zarmitan” konining Zarmitan oltin saralash uchastkasi boshqaruv pulti operatorligidan boshladi. 2010 yilda uchastka barpo etilayotgan 4-gidrometallurgiya zavodi tarkibiga o‘tkazilgandan buyon uning mehnat faoliyati mazkur korxona bilan chambarchas bog‘liq. O‘tgan davr mobaynida A.Zokirov lavozim pillapoyalaridan dadil ko‘tarilib, ayni paytda zavod jamoasiga rahbarlik qilmoqda.  

– Bilasizmi, taqdirimni kombinatdan ayro tasavvur qila olmayman, – deydi qahramonimiz. – Mehnat faoliyatim davomida salohiyatli ustozlar, konchi va metallurglarning g‘amxo‘rligi, maslahatlari bilan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Kasbimga mehrim oshdi, sohaning yetuk, tajribali mutaxassisi bo‘lish, bilim va mahoratimni shu yo‘lda safarbar etish bosh maqsadimga aylandi. Ustozlardan odamlar bilan ishlash, ularni yagona maqsad sari yo‘naltirish sir-asrorlarini o‘rganayapman. “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim esa meni yanada g‘ayrat bilan ishlashga undayapti. Davlat mukofoti  bu yuksak ishonchdir. Bu ishonchni oqlash uchun esa bor imkoniyatimni ishga solib, amaliy natijalar bilan javob berishim kerakligini teran his qilaman. Ayni paytda zavodimiz kombinatning ilg‘or korxonalaridan. Jamoamiz katta maqsadni ko‘zlab mehnat qilmoqda. Korxonamizda ishlab chiqarish quvvatini ko‘tarish, yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirib borishni mo‘ljallaganmiz.  

Darhaqiqat, bu mukofot qahramonimizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, uni yangi g‘oyalar, yuksak marralar sari ruhlantiradi. Zero, e’tibor va e’tirof yuksak g‘alabalarga yo‘l ochadi.  

 

Dildora Karimova,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ xodimi.

O‘zA