French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayotimizda shunday kasb egalari borki...
09:45 / 2020-12-29

Hayotimizda shunday kasb egalari borki, ularning har bir ishlari asrlarga tatigulik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kasblar ichra faxrli va sharaflisi o‘qituvchi ekanligini ko‘pchiligimiz sezib turibmiz. O‘qituvchi – jamiyatning ma’naviy yuksalishiga, yosh avlodni aql zakovatli bo‘lishiga ta’sir etuvchi beqiyos kuch desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Hech bir davlat hech bir jamiyat yo‘qki ilm-ma’rifatsiz yuksalishini tasavvur eta olmasa kerak. Jahonning rivojlangan davlatlarini natijalarini tahlil etib ko‘rsak, bu muvaffaqiyatlarning zamirida ilm-ma’rifat yotganligini ya’ni o‘qituvchi mehnati singanligini his qilamiz. Qayerdaki, ustozlar e’zozda bo‘lsa, o‘sha yurtning ravnaqi porloq bo‘lishini o‘z hayotimizda isbotini ko‘rayapmiz. Oxirgi yillarga kelib, yurtimizda o‘qituvchilarga bo‘lgan e’tibor hamda hurmat ancha yaxshilanayotganligini o‘z hayotimizda ko‘rib, sezib kelayapmiz. Avvalambor, jamiyatda o‘qituvchi obro‘yini oshishiga davlatimiz rahbarining alohida e’tibor qaratishi biz kabi ustozlarni quvontirdi desak, xato gapirmagan bo‘lamiz.

O‘zbekiston davlatida o‘tgan yillar mobaynida «Yil o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovlari Xalq ta’limi vazirligi ishtiroki bilan o‘tkazilib kelinmoqda edi. Bu tanlovlar tuman, viloyat hamda Respublika bo‘yicha tizimli o‘tkazilgan va Xalq ta’limi Vazirligining hududiy bo‘limlari tomonidan amalga oshirib kelinganligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Bu yil ushbu tanlov yangicha ruh va yangicha ko‘rinishda tashkil etilganligini ko‘pchilik ustozlar va jamoatchilik oynai jahon va internet sahifalari orqali ko‘rib, xabardor bo‘lganligini sezdik. 2020 yil 3 iyunda rasman o‘z faoliyatini boshlagan O‘zbekiston O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi nodavlat jamoat birlashmasi Respublikamizdagi yuz minglab o‘qituvchilarni «Ustoz 2020«milliy mukofoti ko‘rik tanloviga jalb etgan holda tanlovni adolatli va shaffof uyushtirganligini ko‘pchiligimiz ko‘rib turibmiz. Ushbu tanlovning avvalgi tanlovlarga qaraganda o‘qituvchi o‘qituvchini baholashi yanada xolisona kechganligini hamda inson omilining ta’siri yo‘qligini ko‘rishimiz mumkin.

«Ustoz 2020” milliy mukofotiga yurtimizdan 13 mingga yaqin o‘qituvchilar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha onlayn o‘z ixtiyorlariga ko‘ra arizalarni qoldirgan edilar. Ushbu tanlovning birinchi bosqichida, o‘qituvchi umumiy faoliyatini aks ettiruvchi 2 daqiqalik videorolik va o‘zi haqida insho hajmi 250 so‘zdan oshmagan esse yozish talablari ko‘rsatilgan edi.

Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 150 nafar o‘qituvchilar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha “ZOOM” platformasi orqali keyingi bosqichga o‘tkazildilar. Ikkinchi bosqichni oliy ta’limda faoliyat yuritayotgan tajribali pedagoglar tomonidan o‘qituvchi kasbiy kompetentiga oid savollarga bergan javobi orqali baholandi.

Uchinchi bosqichda 30 nafar iqtidorli hamda tajribali finalistlar 6 kun davomida qiziqarli o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini, zakovat o‘yinlarini, o‘zaro tajribaviy bahslarni ishtirokchisiga aylangan holda tog‘-yon bag‘irlarida o‘tkazganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Tashkil etilgan o‘quv-seminarlardan o‘qituvchi mahoratini oshishiga, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan ishlash malakalariga, shuningdek, kishiga ishonch bag‘ishlovchi psixologik motivatsion ishlash pritsipiga yo‘naltirilganligini barchamiz guvohi bo‘ldik. Olti kunlik e’tibor, biz kabi ustozlarni ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Aslini olganda mana shu 30 nafar o‘qituvchilarning barchasi g‘olib ekanligini, o‘z fanining yetuk mutaxassislari jamlanganligini barchamiz buni sezdik. Tanlovning yakuniy uchinchi bosqichida har bir yo‘nalish bo‘yicha har bir pedagog xalq ta’limi tizimidagi yechilishi lozim bo‘lgan muammo va yechimlar yuzasidan o‘zining aniq maqsadli taqdimotini havola etishi kerak edi. Adolatli hakamlar 6 nafar ishtirokchini tanlagan holda 2021 yil Dubayda o‘tkaziladigan xalqaro o‘qituvchilar forumiga ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Xalqaro o‘qituvchilar forumiga ishtirok etayotgan 6 nafar pedagog o‘z ustida yanada chuqurroq ishlashi kerakligini hamda kasbiy mahoratini oshirishi lozimligini unutmasligi kerak deb o‘ylaymiz. O‘ttiz nafar ishtirokchining 24 nafariga 5 million so‘m pul mablag‘i, zamonaviy noutbuk, 6 nafar nominatsiya g‘oliblariga esa 30 million so‘m pul mablag‘i va O‘zbekiston Respublikasi Kasaba Uyushmasi Federatsiyasi tomonidan 30 nafar finalistga qimmatbaho sovg‘alar berilganligini alohida e’tirof etish o‘rinli deb o‘ylayman. Gap sovg‘a uchun emas, o‘qituvchiga bo‘lgan e’tiborni, hurmatni yuqori darajada ekanligini unutmasligimiz kerak. Tanlovning yana bir o‘ziga xos jihati 6 ta yo‘nalish bo‘yicha Respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablari, ijod maktablari xususiy maktablar, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarining jalb etilishi ko‘pchilik ustozlarni quvontirdi.

30 nafar tanlov ishtirokchilarining yana bir qiziqtirgan jarayon 2020 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov bilan bo‘lgan davra suhbati o‘zaro samimiy va do‘stona ruhda o‘tganligini quvonch bilan esga olishimiz mumkin. Ushbu uchrashuvda xalq ta’limi Vazirining barchani o‘ylashga majbur etadigan «Sizningcha O‘zbekistondagi umumta’lim maktab o‘qituvchilarini barchasini o‘z ustida ishlashini pedagogik mahoratini yaxshilashiga qanday qilib erishishimiz mumkin» degan mulohazali savoli meni ham qiynab kelmoqda. Bizningcha eng to‘g‘ri yo‘l o‘qituvchilarning o‘qituvchilarga o‘zaro metodik yordamini yanada yaxshilashimiz, pedagoglarning kasbiy mahoratini, yutuqlarini monitoring qilish, o‘qituvchilar o‘rtasida muntazam ravishda ichki kasbiy tanlovlarni uyushtirish o‘qituvchilar kasbiy mahoratini oshishiga qaratilgan o‘quv mahorat darslarini ko‘paytirishimiz hamda O‘zbekiston o‘qituvchilarini xalqaro o‘qituvchilar tashkilotlari bilan o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali bosqichma-bosqich muammoni hal qilishimiz mumkin. Eng muhimi har bir pedagog kimga dars berayotganligini, uning ortidan o‘quvchilar kutayotganligini, o‘qituvchi kasbi sharafli ekanligini zinhor unutmasligi shart. Shundagina, o‘qituvchining faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi mumkin deb o‘ylaymiz.

O‘zbekiston O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi nodavlat jamoat birlashmasi bayrog‘i ostida, Respublikamizdagi barcha pedagoglar bir maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsak, shubhasiz, o‘z oldimizda turgan maqsadlarga erishamiz. Buning uchun tanlovning bosh g‘oyasi «O‘qituvchi o‘qituvchiga yordam berishi» bir-biri bilan kommunikativ aloqa qilishi orqali barchani birlashtirgan holda buyuk maqsadlar sari boshlash mumkin. Keyingi yillarda ham O‘qituvchilar Assotsiatsiyasi nodavlat jamoat birlashmasining faoliyati biz kabi o‘qituvchilarning ta’lim va tarbiya yo‘lida o‘zaro birlashib, pirovard maqsad yo‘lida intilib, ustuvor vazifalarni hamda loyihalarni amalga oshira olsak, shak shubhasiz, o‘z niyatimizga yetamiz.

Xulosa qilib aytganda, 2020 yilning o‘qituvchilar uchun esda qolgan quvonchli damlaridan biri «Ustoz 2020” milliy mukofotining ta’sis etilishi hamda butun O‘zbekiston o‘qituvchilariga katta kuch va ishonch bag‘ishlagan desak, xato bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, O‘qituvchilar Assotsiatsiyasining yuksalishi biz kabi yuz minglab fidoyi o‘qituvchilarni birlashib bir maqsad yo‘lida harakat qilishi va O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshishiga ta’sir etishiga barcha-barchamiz birlashishimizga bog‘liq ekanligini hech birimiz unutmasligimiz zarur.

Azamat Xoliqov, 

pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori