Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayotga yangicha qarashga o‘rgatishdi
18:52 / 2025-10-17

Mamlakatimizda ayollar va bolalarning hayotini yaxshilash, ularni turli qiyinchiliklardan muhofaza qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar ana shu ezgu maqsadlar sari qaratilgan bo‘lib, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlar, og‘ir ijtimoiy holatga tushib qolgan fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatishda yangi tizim yaratilmoqda.

Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar esa bu borada yaxshi misol bo‘la oladi. Xususan, ayollar hayotini yaxshilash, ularni ruhiy, jismoniy va ijtimoiy qiyinchiliklardan chiqarish, jamiyatga moslashtirishda viloyatda faoliyat yuritayotgan reabilitatsiya va moslashtirish markazining o‘rni beqiyos.

Ushbu markaz turli sinovlarga duch kelgan ayollarga amaliy ko‘mak berib kelmoqda. Xususan, Salima Diyorova ana shu markazning yordami bilan hayotiga yangi sahifa ochgan ayollardan. Asli surxondaryolik bo‘lgan bu ayol taqdir taqozosi bilan Ohangaron tumaniga kelin bo‘ldi. Ikki nafar farzandi bor. Ammo, oilaviy kelishmovchiliklar tufayli, hayoti izdan chiqadi. Turmush o‘rtog‘i boshqa ayolga uylanadi va Salima opa bolalari bilan yashayotgan uyidan haydaladi.

Umidsiz ko‘ringan bu holatda unga Toshkent viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tomonidan amaliy yordam berildi. Mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilgan psixologik yordam, ruhiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar tufayli u hayotga yana kulib qarashni boshladi. 

– Turmush o‘rtog‘im ustachilik bilan shug‘ullanar edi, uch nafar farzandim bor. Salkam 20 yil davomida turmushimiz tinch va ahil tarzda kechdi. Ammo, oxirgi ikki yil ichida turmush o‘rtog‘imning xulq-atvori keskin o‘zgarib, tinimsiz janjal chiqaradigan, farzandlarimni ham ruhan azobladi. Qaynona-qaynotalar, qarindoshlar tomonidan hech qanday yordam va tushunish bo‘lmadi, uydan haydaldik. Umidsiz, kuchsiz holatda Toshkent viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga yuzlandim. Bu yerda meni tushunishdi, eshitishdi, ruhiy holatimni to‘g‘ri baholab, zarur psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatishdi. Hatto qo‘shimcha kasbga o‘rgatishdi, – deydi  Zilola Mansurova.

Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoya ishlari insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslangan. Muhimi, ayollar hayotini yaxshilash, ularni qo‘llab-quvvatlash, qayta jamiyatga moslashtirishda bu kabi markazlar muhim vazifani bajarmoqda.

A.Musayev, O‘zA.