Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayotga tezkor kirib borayotgan tashabbus: bir o‘quvchi bitta kasb-hunar, ikkita xorijiy tilni o‘rganishi davrning talabi
17:36 / 2023-11-24

Prezident topshiriqlari – amalda

Yangi o‘quv yili boshida – 4 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev professional ta’lim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari o‘shanda aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rgatish kerakligini ta’kidladi.

Aslini olganda bu kabi masalalar Prezidentimizning doimiy e’tiborida.  

Darhaqiqat, barcha sohaning taraqqiyotida professional ta’limning ahamiyati katta. Ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda o‘quvchilarning yarmidan ko‘pi kasbiy ta’lim bilan qamrab olingan. O‘zbekistonda ham bu sohani mehnat bozori talablari asosida rivojlantirishga e’tibor qaratilayotir.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yetti yuzga yaqin professional ta’lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik o‘rgatilmoqda. O‘quvchilarga bir vaqtda ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan ta’lim shakli joriy etildi.

Mavzuni Qarshi shahridagi 2 ming 600 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan 10-umumta’lim maktabi misolida davom ettiramiz. Bu yerda bugungi kunda 200 nafarga yaqin pedagog mehnat qilmoqda.  

Muassasada har bir o‘quvchi bitta kasb-hunar va ikkita xorijiy tilni o‘rganish tamoyili amal qilmoqda. Bu yerda pazandachilik, tikuvchilik, sartaroshlik, chilangarlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi 11 turdagi kasb-hunar to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Ushbu ta’lim muassasasi o‘tgan yili qariyb 12 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga kapital ta’mirlandi. Shuningdek, 600 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi.

[gallery-14246]

To‘garak xonalari zamon talabiga mos ravishda jihozlangan. U yerda tajribali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kunda tikuvchilik bo‘yicha 81 nafar qiz, santexnik, maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 92 nafar o‘quvchi kasb-hunar o‘rganmoqda.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 1 ming 280 ta umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘quvchilarga kasblarni o‘rgatish masalasini bosqichma-bosqich to‘ldirib borish, bu borada xalqaro standartlarni o‘rganish muhim.  

Kelgusida har bir hududda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Ilg‘or kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash mezonlari tatbiq etilishi ham ko‘zda tutilgan. Bir so‘z bilan aytganda bu borada ko‘zlangan marralar ancha yuqori.

 

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV(surat),

O‘zA