French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hayotga quloch och” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
15:23 / 2024-06-06

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamkorligida Milliy matbuot markazida iste’dodli jurnalist va yozuvchi, "Oltin qalam" XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning televideniye yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin g‘olibi Elyor Go‘ro‘g‘liyevning “Hayotga quloch och” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar kabi milliy jurnalistikani rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida ham tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.  

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish alohida belgilangan.  

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi qarori bilan “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi” tasdiqlandi.  

Jurnalist va yozuvchi Elyor Go‘ro‘g‘liyevning “Hayotga quloch och” kitobi taqdimoti ham shu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.  

Elyor Go‘ro‘g‘liyev 1985 yil Surxondaryo viloyati Denov tumanida tavallud topgan. Termiz davlat universitetini tamomlagan.  

Jurnalistning “Sevimli” telekanalidagi “Zamon” informatsion dasturi orqali fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, ularni tahlil qilish, voqea-hodisalarni yoritishda xalqona, xolis yondashuvi, informatsion dasturlardagi chiqishlari ko‘pchilikka yaqindan tanish. Elyor Go‘ro‘g‘liyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jamiyatda muhokama qilinayotgan muhim mavzular bo‘yicha faol fuqarolik pozitsiyasini bildirib keladi. 

Yozuvchi “Hayotga quloch och” kitobida insonlarning ichki dunyosini va hayot murakkabliklarini o‘ziga xos usulda, ortiqcha mubolag‘alarsiz ifodalagan. Uning qahramonlari o‘z maqsadlari yo‘lida tinimsiz  kurashuvchi, boqimandalikdan xoli,  jamiyatga  va atrofdagilarga foyda keltirayotgan insonlar. Uning asarlarida o‘z oilasining daromadini oshirib, boshqalarga ham ish o‘rni yaratayotgan bunyodkorlar ulug‘lanadi. Aynan shuning uchun ham yozuvchining bu kitobi "Biznesni rivojlantirish banki" moliyaviy ko‘magida nashr etildi.  

Taqdimot tadbirida ijodkorlar va jamoatchilik vakillari ushbu mo‘’jaz kitob o‘quvchilar uchun o‘ziga xos ma’naviy tuhfa ekanini e’tirof etib, muallifni yangi kitobi bilan qutladi.

N.Usmonova,

O‘zA