Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayotga ko‘chgan kitob: “Titanik” fojiasi oldindan bashorat qilinganmidi?
12:12 / 2022-05-07

Dunyoda sirli hodisalar ko‘p. Ayniqsa, ayrim film va kitoblardagi voqealarning vaqt o‘tib, hayotda ham amalga oshib qolishi o‘sha sirlarga ishora qilsa ajabmas.

Masalan, “Titanik” kemasining daxshatli fojiasi sodir bo‘lishidan 14 yil avval yozuvchi Robertson uni o‘z romanida tasvirlagandi. Eng qizig‘i kitob va hayotdagi o‘xshashlik uncha-muncha emas, balki butun tafsilotlari bilan aynan bir xil edi...

Robertson kunduzlari qo‘lida bloknoti bilan London ko‘chalarida aylanib yurar, kechqurunlari o‘zining g‘aribona kulbasida sham yorug‘ida fantastik romanlar yozardi. Lekin uning omadi kelavermasdi. Noshirlar uning yovvoyi sayyorada yashovchilarning bahaybat kaltakessaklar va dinozavrlar bilan qilgan janglari haqidagi asarlarini bosmas edilar. Shundan so‘ng u hayotga ko‘proq yaqinlashish kerak, degan niyatda, Atlantika okeanidagi voqealar haqida yozishga qaror qiladi. Shunday qilib,Robertsonning 1898 yilda “Behuda urinish” nomli romani nashrdan chiqdi.

Romanda tasvirlanishicha, Angliyada okean osha suzuvchi juda katta hajmli layner yaratishadi. “Titan” deb atalgan bu laynerni suvga botmaydigan eng tezyurar va eng hashamatli, deb e’lon qilishadi. O‘sha zamonning ustunlari bo‘lmish millionerlar laynerda birinchilardan safar qilish baxtiga muyassar bo‘ladilar. Layner o‘zining birinchi safaridayoq aprelning sovuq tunlaridan birida suzib yurgan muz tog‘iga urilib, okeanga g‘arq bo‘ladi. Qutqaruv shlyupkalarining kamligi tufayli kema bortida bo‘lgan ikki ming yo‘lovchining deyarli ko‘pchiligi halok bo‘ladi. Shimoliy atlantika insoniy tuyg‘ular – qahramonlik, ablaxlik, odamgarchilik, qo‘rqoqlikning yorqin guvohi bo‘ladi. 

Romanning qayg‘uli yakuni ko‘pchilik inglizlarga yoqmaydi. Ko‘p o‘tmay bu romanni kitobxonlar butunlay unutadilar. Ammo oradan 14 yil o‘tib, kutilmaganda o‘rtamiyona obro‘ga ega Robertsonning nomi London matbuotlarida tilga olina boshlaydi. Sababi Robertson romanida tasvirlangan voqea haqiqatan ro‘y beradi.... 

ROMAN VOQEALARINING HAYOTGA KO‘CHISHI...

E’lon qilingan maxsus hukumat hujjatida shunday deyilgan edi: “Atlantika okeanida dengizchilik yilnomalarida sira uchramagan baxtsizlik ro‘y berdi. “Uayt Star” kompaniyasiga qarashli “Titanik” paroxodi 1912 yil 11 aprelda birinchi bor suzishga chiqdi va muz tog‘iga urilib, cho‘kib ketdi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda kemadagi 2 ming 800 odamdan 700 ga yaqini omon qoldi”.

Inglizlar bu daxshatli voqeaning Robertson romanidagi voqeaga juda o‘xshashligidan lol qolishadi. Axir o‘xshashlik uncha-muncha emas, balki butun tavsilotlari bilan aynan edi. Mana, “Titan” bilan “Titanik”ni solishtirib ko‘raylik. Nomi ham kattaligi ham birdek. Ikkisida ham to‘rttadan truba va uchtadan parrak. “Titan”ning uzunligi 260 m. “Titanik”niki esa 268 m. Suv sig‘imi 70 ming tonna bo‘lsa, “Titan”niki 66 ming tonna edi. “Titanik” quvvati 50 ming ot kuchi bo‘lsa, buniki 55 ming ot kuchiga teng bo‘lgan. Eng yuqori tezlik ikkala kemaniki ham 25 uzel. Falokat yuz bergan joy, vaqt va uning sabablari ham bir xil. Ikkisida ham yuqori tabaqaga mansub kishilar bo‘lgan. Eng qizig‘i, “Titan”dagi singari “Titanik”da ham qutqaruv kemalari yetishmaydi.

Kitobda tasvirlagan voqealarning bekamu-ko‘st hayotda ro‘y berishi odamlarni o‘ylantirib qo‘yadi. Gazetalar Robertsonni kelajakni oldindan ko‘ruvchi avliyo hamda baxtsizlikni ato etuvchi taqdirnavis, deb atashadi. Kemada halok bo‘lganlar bevalari va yetim qolganlar tomonidan uning nomiga achchiq-achchiq xatlar kela boshlaydi. “Behuda urinish” romanini la’natlaydilar, u kitobni boshqa nashr etmaydilar. “Titanik” degan so‘z baxtsizlik timsoli bo‘lib qoldi.

ODAMZOD QULOG‘I ESHITMAGAN FARYODLARGA GUVOHLAR

O‘sha mudxish kecha. Yarim kechasi soat 2 dan 5 minut o‘tganda “Titanik”dan oxirgi shlyupka jo‘nadi. To‘polon va sarosima tufayli 1 ming 600 ga yaqin kishi kemada qoldi. Ular kema cho‘kkanda hosil bo‘ladigan girdobda halok bo‘lishga yoki sovuq suvda muzlashga mahkum edilar. Fojianing guvohi bo‘lgan kishi so‘nggi daqiqalarni shunday hikoya qiladi:

“Tungi soat 2 da kemaning oldiga qarab og‘ayotgani va ancha suvga botganini ko‘rdik. Kemaning quyrug‘i sekin-asta ko‘tarilib boradi. Salonlarda chiroq o‘chardi, sal o‘tmay yana yonadi, so‘ng butunlay o‘chib qoldi. “Titanik”ning suvdan chiqib turgan 50 metrcha tanasi qorayib ko‘rinardi. Shunda odamzod qulog‘i hech qachon eshitmagan faryodlar boshlandi. Bu muzdek suvda o‘lim bilan olishayotgan o‘rtoqlarimizning yordam so‘rab qilgan nolasi edi. Lekin biz yordam bera olmasdik”

“TITANIK” FOJIASI RO‘Y BERMASLIGI MUMKIN EDI, AGAR...

Safarga chiqishdan bir kun oldin “Titanik” “Nyu York” layneri bilan to‘qnashib ketishga oz qoladi. “Nyu York” shvartovkadan chiqib ketgan bo‘lib, ular orasidagi masofa uch metr qolganda “Titanik” kapitani kemani to‘xtatishga muvaffaq bo‘ladi. Ehtimol, ushbu to‘qnashuv yuz berganda kema andak shikastlanib keyingi kunga fojia yuz bermagan bo‘larmidi?..

“BU KEMANI XUDO HAM CHO‘KTIRA OLMAYDI...”

Halokatga sabab bo‘lgan “mayda” shartlar ko‘p edi. Ammo o‘z davrining eng mukammal texnologik mahsuloti bo‘lmish bu “qusursiz” kemaning cho‘kib ketishida taqdir taqozosi borligi aniq. O‘zini koinotda yagona kuch deb e’lon qilgan ojiz inson “Titanik” bilan birga okean tubiga cho‘kdi. Qog‘ozdan yasalgandek ikkiga bo‘linib, tezlik bilan cho‘kkan “Titanik” haqidadastlab uning kapitani “bu kemani Xudo ham cho‘ktira olmaydi”, degandi. Ammo farazlarnidog‘da qoldirib, minglab yo‘lovchisi bilan “Titanik”g‘arq bo‘ldi.

HALOKATGA SABABCHI IKKI ZINOKOR(MI?)

Shu o‘rinda mashhur “Titanik” filmiga to‘xtalsak: Filmning bosh qahramonlari ham, undagi mashhur qo‘shiq ham ko‘pchilik uchun sevgi-muhabbat ramziga aylanib qoldi, desak yolg‘on bo‘lmaydi. Xullas, bu filmni ko‘rmagan odam juda kam bo‘lsa kerak.

Biroq, biz filmning syujet chizig‘iga boshqa bir nuqtadan nazar tashlab, e’tiborlaringizni ana shu nuqtaga jalb qilmoqchimiz. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, film mualliflari o‘zlari bilmagan holda (balki ataylab shunday qilishgandir?) “Titanik” halokatining sababini topishni tomoshabinlar fikriga havola qilib, kalavaning uchini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygandek. Ko‘rgan bo‘lsangiz, kemada ketayotgan badavlat oilaga mansub qizni majburlab erga berishayotgan bo‘ladi. Bunga oilaviy muammolar ham anchagina ta’sir qilgan. Sevmagan odamiga tegishga majbur bo‘lib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan qiz o‘zini suvga tashlab, joniga qasd qilmoqchi ham bo‘ladi. Ana shu paytda baxtli tasodif tufayli (agar buni baxt deyish mumkin bo‘lsa, albatta) kemaga tushib qolgan yigit uni qutqarib qoladi. Hozirgi zamon kino industriyasining yozilmagan qoidalariga ko‘ra ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. 

Deyarli unashtirib qo‘yilgan, zodagon tabaqadan bo‘lgan qiz bo‘lajak qayliqning ko‘z o‘ngida allaqanday yalangoyoq suratkash yigitga ilakishib qoladi. O‘sha mash’um tunda oshiq-ma’shuqlar kichikroq shahardek keladigan bu ulkan kema ichida shaytonning yo‘liga kiradilar. Voqeadan xabar topgan qayliq g‘azab va rashk o‘tida ularni ta’qib qiladi. Boy-badavlat mijozning ta’qibiga kema ekipaji ham jalb qilinadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ayni ana shu voqea sababli kema rulini boshqarib borayotgan dengizchilar aysbergni juda kech ko‘rib qolishadi…

Inson aqlining beqiyos mahsuli bo‘lgan ulkan kema ikki zinokorning kasr-kasofati tufayli g‘arq bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Bu gunoh romantika degan yaltiroq qog‘ozga harchand o‘ralmasin, uning mohiyati o‘zgarib qolmaydi. Shuning uchun, bunday filmlarni og‘zimiz ochilib, tomosha qilib o‘tiravermay, undagi voqea-hodisalarni xalqimizning milliy qadriyatlari mezoniga ham bir solib ko‘rsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

 

Abbos YO‘LDOSHEV tayyorladi.