“Butunjahon tozalik kuni” har yili sentyabr oyining uchinchi shanbasida dunyo mamlakatlarida keng nishonlanadi. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi aholining e’tiborini ekologik muammolarga qaratish, chiqindilar muammosiga befarq bo‘lmaslikka chaqirish va jamoatchilikni atrof-muhitni toza saqlashga jalb qilishdan iborat.

Sirdaryo viloyatida ham ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi. Bugun viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston shahrining Taraqqiyot mahallasida “Hayot uchun joy ajrating!” shiori ostida ommaviy plogging ekologik aksiyasi start oldi.
Plogging – bu zamonaviy sport turi bo‘lib, yugurish va chiqindilarni yig‘ishni uyg‘unlashtiradi. U nafaqat inson salomatligi, balki tabiat pokligi uchun ham foydali amaliy harakat sifatida tobora ommalashib bormoqda.

Aksiyada Ekologiya boshqarmasi mas’ullari, viloyat prokuraturasi, “Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish” viloyat boshqarmasi, “Toza hudud” DM, Obodonlashtirish boshqarmasi va qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, OAV xodimlari, ekofaollar va mahalliy aholi ham tadbirga qo‘shildi.
Dastlab ishtirokchilarga kunning tarixi va ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Keyin barcha ishtirokchilar maxsus qop va qo‘lqoplar bilan ta’minlanib, birgalikda mahalla hududini chiqindilardan tozalashga kirishdilar.

Aksiya davomida yuzlab kilogramm maishiy chiqindilar yig‘ildi. Bu nafaqat hududning yanada ozoda bo‘lishi, balki aholining ekologik ongini yuksaltirish, tabiatga e’tiborli munosabatni targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Ekologik aksiya “Tabiatga hurmat – insonning o‘ziga hurmat” degan hayotiy g‘oyani yana bir bor yodga soldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri