Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda aholi kutilmalari va joriy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut 4 foiz atrofida saqlanib qolmoqda.
Bu esa aholining kelajakdagi inflyatsiya darajasi to‘g‘risidagi taxminlari va tovarlar hamda xizmatlar narxlarining umumiy darajasi doimiy ravishda o‘sib borishi bilan bog‘liq tahlillardir.
Aholining inflyatsion kutilmalari va joriy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut monetar siyosat samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Hayot SAYDALIEV bu savolga quyidagicha javob berdi:
– Albatta, iqtisodiy o‘sishdagi har bir jarayonning o‘ziga xos talab va tartiblari mavjud, – dedi u. – O‘z navbatida, bunda salbiy ta’sirlarning kuzatilishini ham tabiiy holat, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Savolga kelsak, yaqinda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari aholining inflyatsion kutilmalari va joriy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut monetar siyosat samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganib, ilmiy tahlil va xulosalarni to‘pladi.
Ta’kidlash kerakki, inflyatsion kutilmalar inflyatsiya darajasiga talab va taklif orqali salbiy ta’sir etadi. Ya’ni talab – odamlarning kelajakda narxlar oshishini taxmin qilishi ularning joriy xarajatlarini oshiradi. Taklif – odamlarning kelajakda narxlar oshishini taxmin etishi ularning yuqori ish haqini da’vo qilishga olib keladi.
Bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati samaradorligi hamda makroiqtisodiy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda inflyatsion kutilmalarga izoh beradigan bo‘lsak, u aholining kelajakdagi inflyatsiya darajasi to‘g‘risidagi taxminlaridir.
Aholining inflyatsion kutilmalari shakllanishida ba’zida ratsionallikdan og‘ish holatlari kuzatiladi. Ya’ni aholining kutilmalari asossiz oshib ketishiga ta’sir etadigan omillar mavjud. Bu elektrotexnika va avtomobil kabi tovarlarning narxi oshishi aholi kutilmalariga ta’sir etadi. Bunda sifat o‘zgarishlarning ham hissasi mavjud bo‘ladi.
Uy narxlarining ko‘tarilishi aholining inflyatsiya kutilmalariga ta’sir qiladi. Bunda spekulyatsion harakatlarning ta’siri ham kuzatiladi. Shuningdek, aholi odatda o‘zi iste’mol qilayotgan tovar va xizmatlar savatidagi narxlarga qarab qaror qabul qiladi.
Demak, aholining inflyatsion kutilmalari asossiz ravishda keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy banklar inflyatsion targetlash, ya’ni kelgusi davr uchun inflyatsiyani oldindan e’lon qilish siyosatini olib boradi. Uning samara berishi aholining Markaziy bankka ishonchiga, ishonch esa inflyatsion kutilmalar va joriy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovutga bog‘liq.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston sharoitida agar aholining inflyatsion kutilmalari 1 foizga oshsa, iste’mol narxlari indeksi 0,53 foizga ortadi. Aholi kutilmalari va joriy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut 4 foiz atrofida saqlanmoqda.
Davlat inflyatsiya targetini 10 foiz, deb e’lon qilgan taqdirda sodda (naivye – o‘tmishga qarab qaror qiluvchi) aholi inflyatsiyani 11,1 foiz, moslashuvchan (adaptivye – o‘tmish, hozirni tahlil qilish orqali qaror qiluvchi) aholi 13,5 foiz va ratsional (o‘tmish, hozir va kelajakni tahlil qilish orqali qaror qiluvchi) aholi 18,2 foiz bo‘lishini kutadi.
Shunday ekan, inflyatsion kutilmalar va joriy inflyatsiya orasidagi tafovutni qisqartirish, qisqa muddatli tebranishlardan keyin iqtisodiyotni barqarorlashtirish, inflyatsiyani targetlangan darajada ushlab turishda yordam beradi. Bunday holatlarning oldini olish uchun Markaziy bank inflyatsiyani targetlash (jilovlash)da realist bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, aholi narxlar oshib ketishi haqida asossiz xavotirga tushishining oldini olish uchun Ijtimoiy inflyatsiya (aholining katta qismi asosan iste’mol qiladigan tovarlar savati) darajasini e’lon qilib borish lozim. Shuningdek, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va inflyatsiya darajasini baholashda mustaqil ekspertlarni jalb qilish yuqoridagi risklarni kamaytiradi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAYEVA yozib oldi.