Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayot qoidasi, erkinlikning asosi: Konstitutsiya bo‘lmasa nima bo‘ladi?
13:28 / 2025-12-08

8 dekabr –O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

8 dekabr. Dushanba. Tong allaqachon otgan, soat yettidan o‘tganini sezasan. Ko‘rpaga battar burkanar ekansan, bugun ishga bormasliging esingga tushadi. Bundan tushuntirib bo‘lmaydigan, yosh bolaning xursandchiligiga o‘xshash bir hisni tuyasan.

Tashqarda yomg‘ir shitirlaydi. Bu ob-havoda  serqatnov, shalabbo ko‘chaning shovqini ham boshqacha bo‘ladi. Derazadan kelayotgan shovqinli ovoz bugungi tezob zamonniki. 

Muzdek suvda yuz-qo‘lni yuvib, yomg‘irli havoda ataylab yengil kiyinib, etni junjiktirib ko‘chada yurishning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Qo‘limda tandirdan hozirgina uzilgan ikkita non. Uyga qaytayapman. Uning tafti va iforini ta’riflash qiyin.

Bugun maktab ham, bog‘cha ham ishlamaydi. Unda-bunda nabiralarini yetaklab qayoqqadir shoshilayotgan yoshi ulug‘larni ko‘rasiz.

Uzoqdan mahalla oralab sut-qatiq sotuvchilarning chorlovi eshitiladi.

Bu dam olish kunidagi shahar hayotining oddiy manzarasi. Shu manzaraning o‘zida ham ma’no, tartib va bir muhit bor.

Tartib-qoida bor joyda esa tinchlik va osoyishtalik bo‘ladi. Har qanday yutuqning asosida shu tinchlik degan ne’mat turadi.

Oddiy misol. Yo‘lda ham qoida bor. Biz unga amal qilamiz, natijada barchasi yaxshi bo‘ladi.

Konstitutsiya esa davlatning asosiy qoidasi. Agar u bo‘lmasa, davlat boshqaruvi bir tizimga tayanmay qo‘yadi. Bu esa odamlarning huquqlari turli qarorlarga qarab o‘zgarib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu mulohazalarimiz boshida so‘zimizni bekorga dam olishdan va bayramona manzaralardan boshlamadik. Chunki ta’lim olishdan tortib ishlashga, mehnat qilishdan tortib dam olishgacha bo‘lgan barcha huquqlarimiz aynan shu hujjat – Konstitutsiya tomonidan kafolatlangan.

Konstitutsiya “ertangi kun qanday bo‘ladi?” degan savolga javob va kafolat beruvchi yagona hujjat. U davlatga yo‘l ko‘rsatadi, fuqaroni himoya qiladi, qonunlar uchun eng yuqori mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun ana shu hujjat – Bosh qomusimiz qabul qilingan kun. Barchamizga bayram muborak bo‘lsin!

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA