Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayot og‘ir sinovga aylandi: “Air India” fojiasining yagona tirik guvohi
19:40 / 2025-11-05

“Air India” halokatidan qutulib qolgan yagona yo‘lovchi hayotidagi og‘riqli damlarni gapirib berdi.

London yo‘nalishidagi reys halokatga uchraganda dunyo ahli g‘amga botdi: 241 odam hayotdan ko‘z yumdi. O‘shanda mo‘’jiza yuz berib, yonib ketgan layner ichidan, jonsiz jasadlar orasidan yagona yo‘lovchi, Visvashkumar Ramesh tirik chiqdi. Bugun u o‘zini bir vaqtning o‘zida “eng omadli va eng og‘ir azobga duchor inson” deya ta’riflamoqda.

Fojiadan keyin bu yigitning hayoti tubdan o‘zgardi. Samolyotda bir necha o‘rindiq narida o‘tirgan ukasi ham qaro yer qa’riga ketdi.

– Odamlar meni omadli deyishadi, lekin yo‘qotganlarimni hech kim his qilmaydi, – deydi u.

Omon qolgan tana – cingan ruh

Ramesh uyiga qaytgach, tashqi dunyodan uzildi, xonasida yolg‘iz o‘tirishga odatlandi. Hatto rafiqasi va 4 yoshli o‘g‘li bilan gaplashishga ham kuch topolmayapti. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, eng yaqin odamidan ayirgan fojia va yonayotgan uchoqdan tirik chiqish tasavvuri uni ich-ichidan yemirmoqda. Halokatdan keyingi ruhiy jarohat, zo‘riqish bilan kurashmoqda. Binobarin, shu paytgacha tibbiy yordam ham, ruhiy qo‘llab-quvvatlov ham olmagan.

– U halokatdan tirik chiqqani bilan, butunlay boshqa odamga aylangan, – deydi mahalliy hamjamiyat vakillari.

Olovdan — yolg‘izlikka

Fojia chog‘i Ramesh xavfsizlik kamarini yechib, samolyotdan yonayotgan tanasi bilan sudralib chiqqan. O‘sha onlarda muhrlangan surat, video lavhalarda u deyarli shikastlanmagandek ko‘rinadi. Hozir esa oyog‘i, yelkasi, tizzasi va belida doimiy og‘riq bor. Yurolmaydi, mashinani boshqarolmaydi, ishlay olmaydi. Ukasi bilan birga yuritgan oilaviy biznesi ham to‘xtagan.

Mo‘’jiza ortidagi fojea

Dvigateliga yonilg‘i kelishi uzilgan samolyot havoga ko‘tarilganidan bir necha soniya o‘tib, qulagan. Bunday holatda qutulish — mo‘’jiza, ammo qahramon o‘zi aytganidek, “mo‘’jiza ham ba’zan la’nat”dek tuyuladi.

Hozir Visvashkumarning orzusi shu: tinchlik va odamlar uning azobini tushunishi.

Musulmon Ziyo, O‘zA