Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hayot maktabi” loyihasi yoshlarni hayotga tayyorlaydi
16:03 / 2025-05-05

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabiga tashkil etilgan press-tur ta’lim sohasidagi innovatsion yondashuvlar, amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘quv tizimi va bolalarni hayotga tayyorlashga qaratilgan “Hayot maktabi” loyihasi bilan tanishish imkonini berdi.

Tadbir “Dasturlar doirasida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida tashkil etilgan bo‘lsada, u ishtirokchilarda maktab faqat nazariy bilim emas, balki hayot uchun kerakli ko‘nikmalarni ham beradigan muassasaga aylanishi mumkinligini yaqqol namoyon qildi.

Maktabdagi eng samarali tashabbuslardan biri – “Hayot maktabi” loyihasi bo‘lib, u o‘quvchilarni hayotga tayyorlash, mehnatga mehr uyg‘otish va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan.

– Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun maktab formalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktabdagi to‘garakda o‘quvchi qizlar tomonidan tikilyapti. Bu bolalarda ijod, jamoada ishlash va ishlab chiqarish jarayonlarini anglash qobiliyatini shakllantiradi, – deydi maktab direktori Muqaddas Oqilova.

Tikish-bichish, mebelsozlik, biserchilik va boshqa hunar to‘garaklari orqali o‘quvchilar kasb-hunarni o‘rganish bilan birga, mahsulot tayyorlash, sotish va buyurtma asosida ishlash jarayonlarida ham qatnashmoqda. Bu mahsulotlar “Hayat scnool” brendi ostida bozorga chiqarilmoqda.

Xomashyoning bir qismi mahalliy ta’lim muassasalari yordamida ta’minlansa, qolgani buyurtmalar va faoliyatdan tushgan daromad hisobiga qoplanmoqda. Bu  ta’lim muassasasining iqtisodiy jihatdan ham barqaror bo‘lishiga zamin yaratmoqda.

2024-2025 o‘quv yilidagi natijalarga ko‘ra, 70 nafar bitiruvchidan 12 nafari milliy va xalqaro til sertifikatlariga ega. 9 nafar o‘quvchi milliy imtihonlarda ishtirok etgan. Oldingi yildagi bitiruvchilarning 75 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

– Bu ko‘rsatkichlar ortida jamoamizdagi 48 nafar pedagogning samarali mehnati bor. Ularning ko‘pchiligi oliy, birinchi va ikkinchi toifali mutaxassislardir, – deydi direktor o‘rinbosari Ellyor Boboyev.

Maktabda ingliz tiliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Darsdan tashqari bepul va pulli to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Bu yo‘nalishda xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni ortib borayotgani amaliy natijalarni ko‘rsatib turibdi.

Shaxmat, voleybol, kurash, karate kabi sport to‘garaklari bilan bir qatorda, musiqa va rassomlik yo‘nalishlari ham o‘quvchilarning iste’dodini namoyon etishga xizmat qilmoqda. Maktab o‘quvchilari viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda faol qatnashib, mukofotlarga sazovor bo‘lishmoqda.

Guliston shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan “Hayot maktabi” loyihasi bu maktabning kelajak avlodni hayotga tayyorlashda qanday amaliy usullardan foydalanish mumkinligining yorqin namunasidir.

[gallery-23178]

Bunday tajribalar ta’lim tizimida “Ta’lim faqat kitob emas, hayotning o‘zi bo‘lishi kerak” degan g‘oyani amalda namoyon etmoqda. Agar bu kabi modellar keng joriy etilsa, yoshlar ta’lim jarayonidayoq o‘z kasbini aniqlab, mustaqil hayotga dadil qadam tashlash imkoniga ega bo‘ladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri