Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Mingboyevning “Hayotim haqiqatlari” nomli kitobi taqdimoti hamda “Ubaydulla Mingboyev nomidagi adolat xonasi”ning tantanali ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, ushbu kitobning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u faqat sudyalar yoki huquqshunoslar uchun emas, balki hayotda o‘z yo‘lini topishni istagan har qanday o‘quvchi uchun ma’naviy, axloqiy manba bo‘la oladi. Chunki, kitobdagi fikrlar, xulosalar va hayotiy saboqlar umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi, muallif shaxsiy hayoti orqali boshqalarni halollikka, poklikka, ezgulikka undaydi.
Kitobning ilk bo‘limi “Yetti pushtni bilmoq istagi” deb nomlangan bo‘lib, u inson o‘zining ildizi, ajdodi, nasl-nasabi va ma’naviy merosini bilishining ahamiyati haqida chuqur mulohazalarni o‘z ichiga oladi. Muallifning ta’kidlashicha, o‘z ajdodini tanimagan inson jamiyatda mustahkam mavqega ega bo‘lishi, haqiqat va adolat yo‘lida mustahkam turishi mushkul. Bu fikr ayniqsa, yosh avlodni o‘ziga qaytishga undaydi, o‘zligini anglashga chorlaydi.

– Inson o‘z ildizini, ya’ni ajdodlarini, yetti pushtini bilmasdan turib, jamiyatda komil shaxs sifatida shakllanishi va faol pozitsiyaga ega bo‘lishi qiyin, –deydi Ubaydulla Mingboyev. –Ma’naviy yuksalishning birinchi poydevori o‘z o‘tmishini, ota-bobolarini anglashdan boshlanadi. Bu fikr nafaqat shaxsiy, balki umummilliy ma’naviyatimizning ham uzviy qismidir.
“Hayotim haqiqatlari” kitobining “Yetti pushtni bilmoq istagi” deb nomlangan bo‘limi ana shu nuqtai nazardan ilmiy-tarbiyaviy asosda yoritilgan. Bu bo‘lim o‘quvchini milliy tarbiya va merosga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Ayniqsa, yoshlar uchun bu sahifalar ruhiy bedorlik, o‘zlikni anglash, halollik va adolatga yetaklovchi ma’naviy yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi.
Tadbirda sud-huquq tizimi xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Ubaydulla Mingboyevning boy hayot tajribasi, fidokorona mehnati va insonparvar qarashlarini e’tirof etdi.
Tadbir doirasida ochilgan “Ubaydulla Mingboyev nomidagi auditoriya” talabalar uchun ruhiy-ma’naviy tarbiya maskani sifatida xizmat qilishi maqsad qilingan. Unda ustozning hayot yo‘li, mehnat faoliyatini aks ettirgan fotosuratlar va turli materiallar joylashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA