Poytaxtimizdagi Milliy kino san’ati saroyida IIV akademiyasi buyurtmasi bilan suratga olingan “Hayot akademiyasi” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda taniqli kinoarboblar, madaniyat namoyandalari, ichki ishlar tizimi faxriylari, film ijodkorlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Kartina ikki do‘stning taqdir yo‘llari haqida hikoya qiladi. Voqealar rivoji hayot so‘qmoqlarida to‘g‘ri qadam tashlashga, yoshlik onlarining qadriga yetishga, kelajak maqsadlar sari intilib, turli illatlardan ogoh bo‘lishga chorlaydi.
Yana bir jihati, filmda insonga xos kechirmalar yorqin tarzda ochib berilgan. Bosh qahramon Erkinning hissiyotlarini yengib, o‘zini o‘zgartirishga kuch va iroda topa olgani, Ichki ishlar vazirligi akademiyada toblanib, chinakam mard, ahdiga sodiq va jasur inson bo‘lib ulg‘aygani har bir tomoshabin, ayniqsa yoshlarni vatanparvarlikka undashi, shubhasiz.

Premeradan so‘ng filmning tarbiyaviy-estetik, g‘oyaviy jihatlari e’tirof etildi. Yangi kartina o‘tkinchi havaslarni hayotning mazmuni deb bilgan, mehnat va mashaqqatdan o‘zini yiroq tutuvchi, o‘zi va yaqinlarining taqdiriga befarq ayrim yoshlar uchun ezgulikka da’vatkor film bo‘lgani ta’kidlandi.
Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda suratga olingan film barchaga manzur bo‘ldi.
Jamshid Xolov,
IIV akademiyasi Axborot xizmati