Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va arxitektura sohasidagi davlat mukofotlarini taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan Jaloliddin Mirtojiyev (marhum) ikkinchi darajali Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Jaloliddin Mirtojiyev mustaqillik yillarida O‘zbekiston va qator xorijiy mamlakatlarda yaratilgan haykaltaroshlik ishlari uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
Yurtimizning eng mohir haykaltarosh musavvirlaridan sanalgan Jaloliddin Mirtojiyev Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa tarixiy shaxslarning siymosini yaratish ustida ish boshlashidan oldin albatta tarix, adabiyot va boy o‘tmishimizga doir ko‘plab manbalarni sinchkovlik bilan o‘rganishni kanda etmasdi.
U O‘zbekiston xalq rassomi, xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Bobur nomidagi xalqaro mukofot laureati, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faol va fidoyi a’zosi sifatida yurtimiz va xorijda taniqli ijodkorlardan edi.
Jaloliddin Mirtojiyev 1954 yil 17 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1972 yilda Pavel Benkov nomidagi Respublika san’at maktabining haykaltaroshlik bo‘limida, keyinchalik Toshkent teatr va rassomlik institutida tahsil oldi. Haykaltarosh 1979-1996 yillarda Andijonda ijodiy faoliyat olib bordi.
O‘zbekiston rassomlar uyushmasi, keyinroq esa O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi qoshidagi rassomlar ijodiy uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasida mas’uliyatli vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi. Mamlakatimizdagi ijodiy-badiiy jarayonlar, turli ma’rifiy loyihalar, badiiy ko‘rgazmalarni muvaffaqiyatli, yuqori saviyada tashkil etishda uning ham hissasi katta edi.
Ravshan Mirtojiyev O‘zbekistonning ko‘plab shaharlarida va chet ellarda o‘rnatilgan ko‘plab yodgorliklarning muallifi edi. Uning asarlari orasida Toshkentdagi Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Oybek, Beruniy, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Andijondagi Bobur va Cho‘lpon, Samarqanddagi Ro‘dakiy va Mirzo Ulug‘bek, Buxorodagi Fitrat, G‘azalkentdagi Elbek, poytaxtdagi “Vatanga qasamyod” yodgorliklari, Jizzax, Andijon va Farg‘onadagi “Motamsaro ona” haykallarini sanash mumkin.
Jaloliddin Mirtojiyev yaratgan haykallar bir qator jahon mamlakatlari poytaxtlari — Moskvadagi Ulug‘bek va Navoiy, Rigadagi Ulug‘bek va Abu Ali ibn Sino, Boku va Tokiodagi Navoiy, Qohiradagi Al-Farg‘oniy, Xitoyning Kamoliddin Behzod yodgorliklaridir. Navoiy haykalining modeli Vashingtondagi AQSH Kongressi kutubxonasida qad rostlab turibdi.
Jaloliddin Mirtojiyev Shanxay universitetining faxriy professori edi. Zahiriddin Muhammad Bobur xalqaro mukofoti sovrindori bo‘lgan ijodkor Tokio Fuji san’at muzeyining medali bilan ham taqdirlangan. Mohir ijodkor 2009 yilda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi haykaltaroshi deb topildi.
Prezidentimizning kuni kecha e’lon qilingan farmoni asosida J.Mirtojiyev ikkinchi darajali Davlat mukofotiga loyiq topilgani musavvirning yaqinlari, shogirdlari, san’at muxlislarini ham g‘oyat quvontirdi.
O‘zbekiston xalq rassomi Jasvant Annazarov mohir haykaltaroshning ko‘plab shogirdlaridan biridir. J.Mirtojiyevning bu shogirdi poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Adiblar xiyoboni” majmuasidagi haykaltaroshlik ishlarini yaratishda faol qatnashgan ijodkor.
– Prezidentimiz farmoni asosida ustozim Jaloliddin Mirtojiyevning Davlat mukofotiga munosib ko‘rilganidan g‘oyat xursand bo‘ldim, – dedi O‘zbekiston xalq rassomi Jasvant Annazarov. – Garchi ustozimiz bugun oramizda bo‘lmasalarda, ularning ijodiy ishlari, ezgu intilishlari davlatimiz rahbari tomonidan yuksak qadrlanganidan, e’tirof etilganidan qalbim hayajonga to‘ldi. Bu mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan amaliy e’tibor va g‘amxo‘rlikning, o‘zbekona hurmatning yana bir yorqin namunasidir. Buyuk alloma bobolarimizning Jaloliddin Mirtojiyev tomonidan bunyod etilgan haykallari nainki O‘zbekistonda, balki ko‘plab xorijiy davlatlarda qad rostlab turibdi. Allomalarimizning bu siymolari O‘zbekistonning qanchalik qadim, boy, muhtasham tarixga ega ekanini ko‘rsatadi. Aslida Jaloliddin Mirtojiyev buyuk navoiyshunos haykaltarosh edilar, desak yanglishmaymiz. Negaki, Navoiyning ular yaratgan haykallari dunyoning ko‘plab shaharlariga ko‘rk bag‘ishlamoqda. Nazarimda, shu paytgacha o‘zbek haykaltaroshlik maktabida Jaloliddin Mirtojiyevdek ko‘p va samarali mehnat qilgan ijodkor bo‘lmagan.
Jasvant Annazarovning aytishicha, Jaloliddin Mirtojiyev ustoz sifatida ham talabchan edilarki, bu talabchanlik shogirdlarni muntazam qo‘llab-quvvatlashda, xorijiy tillarni o‘rganishga, dunyo ko‘rishga, ijodda o‘z yo‘lini topishiga da’vat etishda ko‘proq namoyon bo‘lar edi.
– Ularning yonida o‘n bir yil shogird sifatida yurdim, – dedi J.Annazarov. – Bilmadim, balki bu qandaydir erish tuyular, hatto til o‘rganish kurslarimizning pulini ham o‘zlari to‘lab berar edilar. Ustozimiz Jaloliddin Mirtojiyev nainki mukammal ijodda, balki kamtar, halol, mehnatsevar, fidoyi, zahmatkash, yurtiga, xalqiga sadoqatli inson sifatida bugun hayotimizda ham hanuz ruhiy hamrohlar.
Darhaqiqat, el-yurt ravnaqi, yoshlar kamoloti, ularning ma’naviy yuksalishi yo‘lidagi zahmatli mehnatlar yillar o‘tsa ham beiz ketmaydi. Aksincha Vatan, xalq, jamiyat tomonidan yuksak e’tirof etiladi, qadrlanadi. Dunyo tan olgan haykaltarosh Jaloliddin Mirtojiyev mehnatlarining yillar osha e’zoz topayotgani buning yana bir yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA