Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayit saxovat, mehr-muruvvat tadbiri sifatida o‘tkaziladi
15:30 / 2025-06-03

Shu yilning 6 iyun kuni butun musulmon olami muborak Qurbon hayitini keng nishonlaydi. Yurtimizda ham ushbu bayramni xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlar timsoli sifatida munosib o‘tkazish maqsadida davlatimiz rahbarining shu yil 30 maydagi qarori asosida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 6 iyun – Qurbon hayitining birinchi kuni bayram sifatida keng nishonlanadi. Xalqimiz bayramni keng nishonlashi uchun 7 iyun (shanba) kuni qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.

Samarqand viloyatida ham mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar tomonidan Qurbon hayitini milliy an’ana va urf-odatlarga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

– Bayram oldidan viloyatimizdagi muqaddas ziyoratgohlar va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, hayit namozi o‘qiladigan masjidlarning xavfsizlik holati o‘rganilib, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyat bosh imom- xatibi Ahmadxon Alimov. – Bu yil viloyatdagi 285 jome masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilingan vaqtlarda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.  Hayit namozidan so‘ng bu masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va muruvvat haqida ma’ruzalar qilinadi.

Masjidlar va ular atrofida jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar xizmatlari xodimlari jalb qilinadi. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand shahrida jamoat transporti har kungidan ertaroq yo‘nalishlarga chiqariladi.  

Qurbon hayitining o‘ziga xos eng ulug‘ fazilatlaridan biri qurbonlik qilish hamda haj ibodatini amalga oshirish hisoblanadi. Qurbonlik – musulmonlarning Alloh taologa bo‘lgan taqvo va muhabbatining amaldagi ifodasidir. Qurbonlik amallarini hayit namozi o‘qilganidan so‘ng uch kun davomida – 6–8 iyun kunlari amalga oshirish mumkin. Qurbonlik qilingan jonliq go‘shti o‘z oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlar, muhtojlarga tarqatiladi. Shuningdek, qurbonlik go‘shtidan taom tayyorlab, elga ulashish mumkin. Lekin bu tadbirlarni aslo dabdababozlik, hashamat bilan o‘tkazish joiz emas. Ayni paytda imom-xatiblarimiz tomonidan aholiga qurbonlik tartib-taomillari tushuntirilib, bu tadbirni savoxat va muruvvat tarzida o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.  

Muqaddas dinimizning ulug‘ ibodat sanalmish Haj amallarini joriy yilda 930 nafar samarqandlik yurtdoshimiz ham ado etmoqda. Ular Samarqand shahridan maxsus avia reyslar orqali Saudiya Arabistoniga kuzatilib, ayni paytda Makka va Madina shaharlarida bo‘lib turibdilar.  

– Joriy yilgi Haj mavsumining muhim yangiligi – Prezidentimiz muftiy hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olganlari bo‘ldi – deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi. – Bu tarixiy voqea nafaqat hojilarimiz, balki butun xalqimizning qalbida katta ruhiy quvonch uyg‘otdi. Alloh taolo yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlasin. Qurbon hayiti va Haj ibodatlari har birimiz uchun ma’naviy yuksalish, Allohga yaqinlashish va insonlar o‘rtasida mehru oqibatni mustahkamlashga sabab bo‘lsin.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri