French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayit namozlari o‘qiladigan paytda xavfsizlik qanday ta’minlanadi?
14:27 / 2024-04-09

Kuni kecha davlatimiz rahbarining «Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Qarorga asosan ertaga – 10-aprel kuni yurtimiz bo‘ylab Ramazon hayiti keng nishonlanadi. Respublikamiz hududidagi jami 2 ming 76 masjidda hayit namozlari o‘qiladi.

Hayit namozlari o‘qiladigan paytda xavfsizlik qanday ta’minlanadi? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi: 

– Masjidlar va ularning atrofidagi hududlarda fuqarolarning xavfsizligi ta’minlanib, jamoat tartibining buzilishi hamda favqulodda holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘liq nazoratga olingan. 

Namoz o‘qiladigan masjidlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga jami 12 ming 374 nafar ichki ishlar organlari, 2 ming 771 nafar Milliy gvardiya va 2 ming 622 nafar Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etilgan. 

Ularga xizmatda foydalanish uchun 7 ming 352 aloqa va 2 ming 433 avtotransport vositasi, 4 ming 845 metallodetektor biriktirildi hamda 372 ta xizmat itlari ajratildi. Shuningdek, respublikadagi barcha YPX maskanlarining ish faoliyati kuchaytirilgan tartibga o‘tkazildi.

Bevosita avtomobil yo‘llariga yondosh joylashgan masjidlar atrofidagi yo‘llarda transport vositalarining harakatini vaqtinchalik cheklash choralari ko‘rilib, fuqarolar hayoti va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida masjidlarga kirish joylarida beton yoki metall to‘siqlar o‘rnatilgan holda, masjidlardan 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etilgan. 

Bu borada yurtdoshlarimiz va respublikamiz mehmonlaridan yo‘l-patrul xizmati xodimlari ko‘rsatgan yo‘nalishlarda harakatlanishlarini va hayit namozidan so‘ng ushbu hududlarda harakat cheklanganligi sababli, tartib bilan tarqalishlarini so‘rab qolamiz.

Bugungi kunda respublikamiz hududida 100 dan ortiq obyektlarda, bular bozorlar, yirik savdo va ko‘ngilochar dam olish majmualari hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida taqsimotga asosan 1000 nafardan ortiq IIV va Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmalari shaxsiy tarkibi, shuningdek, kinolog xodimlar 100 dan ortiq xizmat itlari bilan xizmatga jalb etilgan. Qolaversa, majmualarda o‘rnatilgan barcha video-kuzatuv kameralari ichki ishlar organlarining situatsion markazlariga integratsiya qilinib, tun-u-kun nazorat qilinmoqda. 

Asosiy e’tibor ushbu joylarda fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda turli xil ko‘ngilsiz va favqulodda hodisalarning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

N.Abduraimova, O‘zA