English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hayfa Najjor: Islom sivilizatsiya markazi – dunyo donishmandligi markazi
19:42 / 2026-02-04

O‘zA avval xabar berganidek, shu kunlarda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Majlis al-A’yon Raisi Akif al-Fayyoz boshchiligidagi deligatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida bugun Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga borgan mehmonlar majmuadagi nodir ekspozitsiyalar, noyob tarixiy yodgorliklar hamda mamlakatimiz boy madaniy-ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdi. Ularga O‘zbekiston tarixi, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

[gallery-27476]

Delegatsiya a’zolari “Quron zalida”gi Usmon Mushafi, qo‘lyozma manbalar, tarixiy artefaktlar, shuningdek islom ilm-fani, madaniyati va san’atiga oid mashhur eksponatlar bilan tanishdilar.

Markazning tarixiy merosni zamonaviy, innovatsion va raqamli yechimlar orqali taqdim etish konsepsiyasi mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Xususan, Iordaniya Senati Madaniyat, yoshlar va sport qo‘mitasi rahbari Hayfa Najjor markaz faoliyatiga yuqori baho berdi:

[gallery-27477]

– Ushbu majmua nafaqat islom olami yoki Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun muhim ahamiyatga ega. Markazni, ta’bir joiz bo‘lsa, donishmandlik markazi, deb atagan bo‘lardim. Bu yerda jahonning turli sivilizatsiyalariga doir chuqur va teran tarixiy davrlar qatlami zamonaviy Yangi O‘zbekiston bilan uyg‘un holda namoyon etilgan.

Uning ta’kidlashicha, markaz ekspozitsiyalari tashrif buyuruvchilarga yurtimiz tarixi, islomning haqiqiy mohiyati, ilm-fan, madaniyat, san’at va estetika bilan uzviy bog‘liqligini yaxlit, jozibali tarzda ochib beradi.

Shuningdek, iordaniyaliklar majmuada tarixiy meros, san’at va raqamli texnologiyalar muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirilganini ham yuqori baholadilar.

Dilshod Hakimov, Farxod Abdurasulov, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA