Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haydovchilik guvohnomasini sotib olishga urinayotganlar ham jazolansa...
11:33 / 2022-08-09

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qish va albatta, o‘quv kursi yakunida imtihon sinovlaridan o‘tish shart. Yetarli malakaga ega bo‘lgan haydovchigina mashina ruliga o‘tirishga haqli.

Zero, avtomobil boshqarish shunchaki havas emas, balki katta mas’uliyat talab qiladi. Haydovchi harakat ishtirokchisiga aylanar ekan, nafaqat o‘zi, balki atrofidagilarning hayoti, xavfsizligi uchun ham mas’ul.

Shuning uchun ham haydovchilik kurslarida o‘qitishga qo‘yilgan talablar kuchaytirildi. Avtohavaskorlarning ko‘pchiligi bu sinovni yengib o‘tish uchun ko‘proq o‘qib-o‘rganishga, tajriba orttirishga harakat qilmoqda.

Ammo ayrim shaxslar haydovchilik guvohnomasini qiynalmay olish, boshqacha aytganda, osongina sotib olishni ko‘zlayotgani sir emas.

Huquq-tartibot organlari tomonidan aynan shunday holatlar tez-tez fosh etilayotgani buni tasdiqlaydi.

Buxorolik fuqaro J.K. boshqa bir fuqaro J.ga, tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berishi mumkinligini aytgan. Buning evaziga u 2,2 million so‘m va 200 AQSH dollari so‘ragan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda esa J.K. aytilgan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan oldinroq fuqaro S.S. boshqa bir fuqaro A.H.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berish evaziga 350 AQSH dollari olgani Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan edi.

Asakalik fuqaro B.E. boshqa bir fuqaro F.ga tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berish evaziga 550 AQSH dollarini olgan vaqtida Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Farg‘onada «A.» MCHJ xodimi M.Q. fuqaro J.ga tanishlari yordamida «V» toifali haydovchilik guvohnomasini o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berish evaziga 400 AQSH dollarini olgan olgan vaqtida Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq moddalari jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Fosh etilayotgan holatlar yuzdan biri, balki mingdan biri bo‘lishi mumkin. Chunki pul bilan «ish bitirish» ko‘pchilikning ongu fikriga o‘rnashib olgan. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, haydovchilik guvohnomasini sotib olgan malakasiz haydovchi yo‘lda ketayotgan xavfli bomba kabi. Uning qachon va qayerda «portlashi» noma’lum. Shuning uchun o‘z nafsi yo‘lida shunday xavfni yuzaga keltirayotgan shaxslar qattiqroq jazolanishi kerak. Bu bilan cheklanmay haydovchilik guvohnomasini sotib olmoqchi bo‘lgan shaxslar ham jazolansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Norgul Abduraimova, O‘zA