Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
14:53 / 2022-12-01

Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni kelgusi yilda 300 taga yetkaziladi va ular ichida haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish ham bor.

 Mazkur markazlar tashkil etilganiga endigina besh yil bo‘ldi. Tizim oldiga qo‘yilgan vazifalar qanday bajarildi? Bu haqda Adliya vazirining o‘rinbosari Xudoyor Meliyev bilan suhbatlashdik.    

–Xalq bilan muloqotning muhim institutsional yangiliklaridan biri – davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi bo‘ldi, – deydi X.Meliyev. – Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi, tamoyili asosida faoliyat olib borayotgan davlat xizmatlari markazlari xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga harakat qilmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa davlat xizmatlari markazlari Yangi O‘zbekistonning byurokratiyaga qarshi markazlari rolini bajarmoqda.  

Har kuni o‘rtacha 40-45 ming fuqaro davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, tez, qulay oson xizmatlardan foydalanmoqda.  

O‘tgan besh yilda 42 millionga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bu davlat xizmatlari har bir oilaga kirib keldi, degani. Bu hazilakam raqam emas. Bu shuncha marta fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat tashkilotlariga murojaat qilmadi, ma’lum ma’noda korrupsiya omilining, byurokratiyaning oldi olindi, degani.  

2018–2022 yillarda Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmat turlari qariyb 7 baravarga ortib, 37 tadan  253 taga yetkazildi.  

2022 yilda 78 davlat xizmati yo‘lga qo‘yildi. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatgichlarda joriy yil oxirigacha xizmatlar sonini 172 dan 200 taga yetkazish belgilangan edi. Demak,  ko‘rsatgichlar 147 foizga bajarildi. Mavjud 771  davlat xizmatidan 253 tasi (32,8 foizi) davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilmoqda.  

176 zamonaviy Davlat xizmatlari markazlari binolari foydalanishga topshirildi. 75 bino davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etilgani natijasida ushbu markazlar qurilishi uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan qariyb 500 milliard so‘mlik byudjet mablag‘i tejaldi.  

DXMlarda tashrif buyuruvchilar uchun zarur qulayliklar yaratilgan bo‘lib, kutish zallari elektron navbat tizimlari, axborot kioskalari, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, salomatlik burchaklari, mutolaa uchun kitob javonlari, bolalar o‘yin maydonchalari, “Wi-Fi” hududlar hamda bufetlar bilan jihozlangan.  

Eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida surdo tarjimon xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 9 oyi davomida 218 nafar shunday fuqaroga xizmat ko‘rsatildi.  

Davlat xizmatlari markazlaridan 50-100 km. uzoq hududlarda 138  filial tashkil etilib, ular tomonidan shu kunga qadar 168 mingga yaqin xizmat ko‘rsatildi va fuqarolar ovoragarchiligining oldi olindi.  

Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarimizga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida sayyor davlat xizmatlari tashkil etilmoqda. Birgina joriy yilning 9 oyi davomida  

500 mingdan ortiq shunday xizmatlar ko‘rsatildi. Mahallalarga borib, yillar davomida to‘planib qolgan masalalarni hal qilishga harakat qilmoqdamiz.  

Sayyor xizmatlarni tashkil etish uchun maxsus moslashtirilgan avtomashinalar xarid qilingan, ular ko‘chma DXM vazifasini o‘taydi. Ular barcha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.  

– Davlat xizmatlari markazlaridagi “eksterritorial” tamoyili qanday ishlamoqda?  

– 2019 yildan Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar “eksterritorial” tamoyili asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani aholiga katta qulaylik yaratdi.  

Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidan (propiskaga) yoki yashash joyidan qat’i nazar aholi va tadbirkorlarimiz istalgan joydagi yoki o‘zlariga qulay joydagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin.  

Prezidentimiz tomonidan byurokratiyaga qarshi farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning ijrosi bo‘yicha 100 dan ortiq xizmat to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, 200 dan ortiq byurokratik tartib-taomil soddalashtirildi, natijada talab etiladigan hujjatlar soni ikki barobar qisqartirildi.  

Aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnoma talab qilish bekor qilindi, ushbu hujjatlarni «Elektron hukumat» platformasi orqali faqat elektron shaklda olish yo‘lga qo‘yildi.  

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga o‘rtacha 20 milliondan ortiq aholi ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘ldi, idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldi olindi. Aholining tashkilotlarga borib kelishi bilan bog‘liq 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i tejaldi.  

Fuqarolardan davlat tashkilotlari talab qilishi mumkin bo‘lmagan hujjatlar ro‘yxatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari kabilar ham bor.  

2022 yilning 20 apreldagi Prezident farmoni bilan kommunal tashkilotlarga 35 turdagi hujjatni aholi va tadbirkorlardan talab qilmasdan «Elektron hukumat» tizimidan olishga ruxsat berildi. Bu bilan yana 10 millionlab yoki undan ortiq aholining kommunal xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qilgandagi ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yildi.  

– Sohada 2022 yilda amalga oshirilgan eng muhim yangilik qaysi?  

– 2022 yilda amalga oshirilgan muhim yangiliklardan biri – bu shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalash imkonini beruvchi Mobil-ID tizimi ishlab chiqilib, joriy etilgani bo‘ldi.  

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Shuningdek, ushbu tizim arizachilarni mobil telefon raqami orqali identifikatsiya qilish imkonini beradi.  

Bu tizim orqali internet mavjud bo‘lgan istalgan joyda davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin. Hozirga qadar tizimda 78 ming 400 dan ortiq fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazildi.  

Fursatdan foydalanib, aytib o‘tamanki, bu tizimda ro‘yxatdan o‘tish 1 yanvargacha tekin. Keyin  bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.  

BMT Taraqqiyot dasturi hamda Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv drajasini oshirish” qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirildi.    

Sababi ushbu loyiha doirasida davlat xizmatlari sohasi jaddalik bilan rivojlandi. Xususan, davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida “Litsenziya” axborot tizimi yaratildi, Situatsion markaz tashkil etildi. Axborot xavfsizligi menejment tizimini ISO/IEC 27001:2013 xalqaro standarti talablari asosida joriy qildi, “E-apostil” apostil tizimi ishlab chiqilib joriy qilindi. “FHDYO yagona elektron arxivi” ma’lumotlari blokcheyn texnologiyasi asosida to‘liq raqamlashtirildi.  

Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida “PricewaterhouseCoopers” xalqaro kompaniyalar tarmog‘i tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyuruvchilar o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkazilgan. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, fuqarolarning 90 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilib, markaz xodimlari faoliyatini a’lo baholashgan.  

– Kelgusidagi rejalar qanday?  

– 2023 yilda Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 300 taga yetkaziladi. Aholiga an’anaviy shaklda ko‘rsatib kelinayotgan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich to‘liq DXM va YAIDXP orqali joriy qilish bo‘yicha takliflar beriladi.  

Elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini oshirib borish va kelgusi 5 yilda kamida 60 foizgacha yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘riladi.  

Milliy haydovchilik guvohnomalarini fuqarolarga onlayn shaklda masofadan turib rasmiylashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. “Litsenziya” axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar turi joriy yilda 100 taga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 65 mingga yetkaziladi.  

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritilganda “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali berilgan ma’lumot asosida jami 4 ta, ya’ni fuqaroning identifikatsiyalovchi ID-kartasi, xorijga chiqish biometrik pasporti, milliy haydovchilik guvohnomasi va harbiy guvohnomasini qayta rasmiylashtirish bo‘yicha proaktiv davlat xizmati ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.  

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yangi qabul qilinayotgan hujjatlar biznes jarayonlarini reinjiniring qilish (BPR) usullarini qo‘llagan holda 2023-2024 yillarda 53 xizmat soddalashtirib boriladi.  

Ayrim xizmatlarni xususiy sektorga o‘kazish choralari ko‘riladi. DXMlar tomonidan ko‘rsatilayotgan 80 ga yaqin xizmatni xususiy sektor tomonidan ko‘rsatish bo‘yicha takliflar tayyorlangan.  

 

O‘zA muxbiri  

Norgul Abduraimova  

suhbatlashdi.