Haydovchilik guvohnomasini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
“I.A.” mas’uliyati cheklangan jamiyati Sardoba filiali xodimi R.R. fuqaro A.X.ning ishonchiga kirib, unga Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 400 AQSH dollarini olgan.
Shu vaqtda u Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sardoba tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “J.J.” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari M.P. va B.B. fuqaro I.M.ni tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘ladigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 4 million so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA