Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlariga qanday talablar belgilanmoqda?
15:29 / 2022-08-08

Yo‘l qoidasi — umr foydasi ekani tinimsiz aytilib, tushuntirilsa-da, afsuski, bunga amal qilmaydigan haydovchilar ham, piyodalar ham son mingta.

Mutaxassislarning aytishicha, so‘nggi yillarda haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar soni ortib bormoqda. Xususan, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan. Natijada 10 mingdan ziyod transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlangan.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinar ekan, ushbu raqamlar alohida qayd etildi.

Yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlari va imtihon markazlariga bo‘lgan talab hamda mezonlar belgilanmoqda. Ularning bu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularni imtihonlardan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish hamda mazkur sohada yangi tizimni joriy etish maqsadida tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Fraksiya a’zolari ushbu sohani raqamlashtirish va haydovchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar. Qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib, uni qo‘llab-quvvatladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA