Buxorolik haydovchilar orasida o‘z avtomashinasining davlat raqam belgisini yashirishga urinish holatlari afsuski tez-tez qayd etilmoqda. Ayniqsa, aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi va uzoq masofaga qatnovchi haydovchilar yo‘llarga o‘rnatilgan radar qurilmalaridan qochishning antiqa usullarini uylab topishga ham usta bo‘lib ketdi.

Yaqinda g‘ijduvonlik shovvoz haydovchi davlat raqam belgisini qo‘shimcha o‘zgaruvchan magnit raqamlar bilan berkitib yurgani aniqlangan edi. Unga nisbatan choralar ko‘rildi. Qarangki, yana bir Buxoro shahridan bo‘lgan “ixtirochi” haydovchi ham raqamlarini yashirishning innovatsion usulini qo‘llashga qaror qilibdi. Aniqlanishicha, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi buxorolik 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Lasetti avtomashinasining davlat raqam belgisining 0 raqamini o‘zgartirgan. Natijada maxsus tungi vaqtda ko‘rishni cheklovchi qoplama yopishtirib harakatlanib yurgan. Eng yomoni joriy yilning shu davriga qadar 4 marotaba belgilangan tezlikni oshirgani radar qurilmalarida qayd etilgan. Boshqa bir holatda esa Buxoro shahrida Lasetti rusumli avtomashinani boshqarib yurgan romitanlik haydovchi ham avtomashinasining davlat raqam belgisi bitta raqamiga xuddi shunday tungi vaqtda ko‘rinmas plyonka yopishtirib davlat raqam belgisini yashirib yurgani inspektorlar tomonidan aniqlandi.
– Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ayrim haydovchilar tomonidan transport vositasining davlat raqami belgilarini yashirish, ularni o‘zgacha usullarda nano plyonkalar bilan to‘sish holatlari ko‘p uchramoqda, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad haydovchilar tomonidan davlat raqami belgisini yashirish, qoidabuzarlik yoki tezlikni oshirishdan iboratdir. Lekin haydovchilar qoidabuzarlik orqali o‘z hayotiga zomin bo‘lishini ham tushunishi kerak. Hozirda qoidabuzar haydovchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib avtomashinalar jarima maydoniga olib kirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.