English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haydovchiga asossiz qo‘yilgan jarima sudda bekor qilindi
17:02 / 2024-08-13

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining navbatdagi sud majlisida sudya O.Muhammadiyev tomonidan transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Gap shundaki, jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining 2024 yil 28 martdagi qaroriga ko‘ra, huquqbuzar A.B. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning 176-3-moddasi (avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan. Unga MJtK 33-moddasi (yengilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi)ni qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, ya’ni 1 million 700 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. 

Sud qaroriga ko‘ra, Transport vazirligi huzuridagi inspeksiya xodimlari tomonidan A.B. o‘z boshqaruvidagi transport vositasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyasi bo‘lmay turib, 5 nafar yo‘lovchini 3 ming so‘mdan haq evaziga olib ketayotgani aniqlangan. 

Apellyatsiya shikoyatida surishtiruv va birinchi instansiya sudi muhokamasi to‘liq o‘tkazilmasdan unga asossiz jarima qo‘llanilganligiga oid vajlar keltirilgan. 

Apellyatsiya instansiyasida shikoyatda keltirilgan vajlarni hamda unga ilovalarni ish hujjatlari asosida o‘rganilib, uning huquqbuzarlik oqibatlarini qonunda belgilangan 30 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf qilgani, ya’ni o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, transport vositasida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo tashish uchun litsenziya varaqasi rasmiylashtirgani, uning muqaddam shu kabi huquqbuzarlikni sodir qilmaganini aniqladi. 

MJtKning 271-moddasi 11-bandida, «MJtK 176-3-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik sub’ektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim», deb ko‘rsatilgan. 

Shunga asosan apellyatsiya instansiyasi sudi huquqbuzarlik o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganligi sababli sud qarorini bekor qilib, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishni MJtK 271-moddasi 11-bandiga asosan tugatishni belgiladi. 

N.Abduraimova, O‘zA